
Yulduz opa oddiy, kichkina oshxonada ishlaydi. U oilasi uchun tinim bilmaydigan, topgan pulini oilasining kamchiliklariga sarflaydigan ayol.
Turmush o‘rtog‘i — Bahodir aka xudbinroq, ayolini qadrlamaydigan erkak.
Yulduz opa ishidan tashqari qari qaynonasi va nogiron qaynukasini parvarish qiladi. Yangi kelin olgan bo‘lishiga qaramay, qaynonasi doim unga ish buyuradi, kichik kelinga esa ish qildirishni xohlamaydi.
Yulduz opa qarindoshlar yig‘inida ham doim qozon boshida turib, osh-ovqat qiladi.
Qudasi Zumrad opa esa butunlay uning aksi. U doim o‘ziga qarab, kosmetologlarga borib yuradi. Turmush o‘rtog‘iga yoqish uchun qomatini o‘zgartirish maqsadida plastik operatsiyalar qildiradi. Lekin shunga qaramay, turmush o‘rtog‘i yosh qizlar bilan ko‘ngilxushlik qilib yuradi. Yulduz opa qudasining operatsiya bo‘lganini eshitib, shirin taomlar tayyorlab, undan xabar olgani keladi.
Yulduz opa kun-u tun tinim bilmay harakat qiladi. O‘z qadrini, o‘z orzularini unutib, o‘zini oilasiga fido qilgan sari qadrsizlanib boraveradi. Oilasidan hech kim u bilan hisoblashmay qo‘yadi.
Yulduz opa uydan chiqib, yo‘l-yo‘lakay uyga bozorlik qilib oladi. Yo‘lda bir vaqtlar birga o‘qigan sinfdoshi — Anvarni ko‘rib qoladi. Uning yonida o‘z ko‘rinishi va holatidan uyalib ketadi.
Bir kuni Yulduz opa erining unga xiyonat qilayotganini sezib qoladi. Eri o‘sha ayolga u haqida: “Xotinim faqat uy ishlarini qilish, oilasiga xizmat qilish uchun yaratilgan. Uning qo‘lidan haqiqiy ayol bo‘lish kelmaydi”, — deydi. Bu gaplardan so‘ng Yulduz opaning tobi qochib, uydan chiqa olmay yotib qoladi. Hech kim uning ahvolidan tuzukroq xabar olmaydi.
Ertasi kuni Yulduz opa butunlay boshqa ayolga aylanib uyg‘onadi.
U til o‘rganish uchun kurslarga yoziladi, sport zaliga qatnab, sog‘lig‘ini tiklashga harakat qiladi. Oshxonasida xo‘randalari uchun tayyorlagan taomlarining tayyorlanish usuli va sirlarini videoga olib, Instagram sahifasiga joylab boradi. Asta-sekin uning videolari Instagramda mashhur bo‘lib, muxlislari ko‘payadi.
Bahodir akaning ayoliga nisbatan munosabati o‘zgaradi. Lekin Yulduz opaning ko‘ngli undan soviydi.
Yulduz opa qaynukasini shifoxonaga yotqizadi. Qaynonasining ham kerakli ishlarini qilib beradi, ammo avvalgidek poy-u patak bo‘lmaydi. Asta-sekin uning oiladagi hurmati oshib, hamma u bilan hisoblasha boshlaydi.
Zumrad opa doim qudasini kamsitib, qiziga qarab: “Qaynonang mening yonimda xuddi oyimdek ko‘rinadi”, — deb kulgan bo‘ladi.
Zumrad opa biroz osilib qolgan qornini operatsiya qildiradi. Operatsiya yaxshi chiqmay, abssess paydo bo‘ladi. U juda qiynaladi va qilgan barcha ishlari uchun afsuslanadi. Undan xabar olgani kelgan Yulduz opaga havasi keladi.
Yulduz opa turli reklamalar olib, o‘z sahifasiga joylab boradi. Anvarning supermarketlari bo‘lib, u ham Yulduzga reklama borasida murojaat qiladi.
Bahodir aka ayolini Anvardan rashk qilib, janjal qiladi.
Yulduz: “To‘g‘ri, men o‘z ishiga, o‘z biznesiga ega erkin ayolman. Lekin o‘z haddimni, chegaralarimni yaxshi bilaman. Oila men uchun muqaddas, unga hech qachon xiyonat qilmayman”, — deb javob beradi.
Bahodir aka pushaymon bo‘lib, ayolidan uzr so‘raydi.
Muhabbat Abdullayeva, Dilmurod Uzoqov, Nodira Murtazayeva, Dildora Umarova, Timur Komilov, Arofat Abdurahimova, Zulfiya Maxkamova, Isroil Ismoilov, Jahongir Qo‘chqorov, Jamoliddin Toshpo‘latov, Ziyoda Botirova, Anora Nazarova, Ziyoda Qurbonova.











































































































































































































































































































