
Shahnoza va Nodir bir-birini yaxshi ko‘radi. Lekin Nodirning dadasi bu munosabatga qarshi bo‘ladi va o‘g‘lini o‘z tanishining o‘g‘liga uylantiradi. To‘y kuni Shahnoza vafot etadi. Bu paytda Jamol chet elda bo‘ladi va ikki yil O‘zbekistonga kela olmaydi. Ikki yil o‘tgach, qaytib keladi. Jamol singlisining o‘limida Nodir aybdor deb o‘ylagani uchun, Nodirning singlisidan foydalanib qasos olmoqchi bo‘ladi. Va o‘sha Nodirning singlisi Yasminaning boshini aylantirib, unga uylanadi. Lekin birinchi kechaning o‘zida Yasminaga taloq beradi. Yasmina esa hech narsadan xabari yo‘q. Faqatgina “Mening aybim nima?” deb so‘raganida, “Aybing Nodirning singlisi ekanliging”, deb aytadi. Yasmina uyiga qaytib boradi. Akasi Nodir esa bu voqealarni eshitib, kuyovi Jamolning yoniga keladi. Jamol: “Sen tufayli singlim o‘z joniga qasd qildi. Uning nomusiga tegib, boshqasiga uylanib ketding. Singling orqali sendan o‘ch oldim”, deydi. Nodir shunga majbur bo‘lganini, lekin Shahnozaga qo‘lining uchini ham tekkizmaganini aytadi. Lekin Shahnoza xatida “U mening nomusimga tegdi”, degan ma’noda yozib ketgan bo‘ladi. Shundan so‘ng Jamol bir kuni singlisining telefonini topib oladi. Unda Nodirning o‘rtog‘i Sardor Shahnozaga Nodirning to‘yi kuni xabar yozgan bo‘ladi. “Nodir sen bilan qochib ketmoqchi, seni olib ketaman”, degan mazmunda yozadi. Lekin aslida Nodir bundan bexabar bo‘ladi. Sardor o‘z nafsi yo‘lida Nodirdan foydalangan bo‘ladi. Shahnozani aslida Sardor aldab chaqirib, shu ishni qilgan bo‘ladi. Shahnoza bu sharmandalikka chiday olmaydi. Lekin hech kim Sardordan shubha ham qilmaydi. Jamol Sardorning oldiga vajohat bilan borsa, u allaqachon aravachaga mixlanib qolgan bo‘ladi. Bu orada Yasmina Jamolning uyiga qaytib boradi. Jamol ham, onasi ham boshida uni qabul qilmaydi. Lekin vaqt o‘tib, Yasminaning ochiqko‘ngilligi, mehribonligi va samimiyligi tufayli ular Yasminani qabul qilishadi. Va ular baxtli oila bo‘lishadi.
Zuhra Ashurova, Oygul Abdurahmonova, Sitora Xudoynazarova, Shoxnur Saydahmadov, Otabek Sharipov, Adxam Ahmadaliyev, Madina Begimjonova, Mavluda Roziqova, Dildora Avazova, Ubaydullo Shokirov, Abdulla Saydullayev, Bunyod Zoirov











































































































































































































































































































