
Ushbu film Mardon ismli insonning murakkab taqdiri haqida hikoya qiladi.
Abror va Zilola bir-birini sevadi. Ular bir oliygohda tahsil oladi. Abror onasiga uylanmoqchi bo‘lgan qizni topganini aytgach, onasi juda xursand bo‘ladi va darhol sovchilikka boradi. Deyarli hamma masala hal bo‘lgandek edi.
Ammo Abror va Zilola aslida aka-singil ekanini bilishmasdi.
To‘y kuni yaqinlashganda Mardon bo‘lajak kelin o‘zining qizi ekanini bilib qoladi va karaxt ahvolga tushadi. Ma’lum bo‘lishicha, Mardonning ikki oilasi bor edi, biroq bu sirni uning birinchi oilasi bilmasdi.
Mardon to‘yga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qiladi. Abror esa otasining nega bunday qilayotganini tushunmaydi. Oradan bir necha kun o‘tib, u ham haqiqatdan xabar topadi va otasidan qattiq ranjib, chet elga ketadi.
Mardonning birinchi xotini uni kechirmaydi. Shundan so‘ng u Zilolaning onasi bilan yashay boshlaydi. Biroq u yerda ham halovat topolmaydi. Chunki Zilola ham otasidan qattiq ranjigan edi.
Yillar o‘tadi. Mardon og‘ir kasallikka chalinadi. Bu paytga kelib Abror xorijdagi o‘qishini tamomlab, shifokor bo‘lib ishlayotgan edi. U kasalxonada og‘ir ahvolda yotgan otasini ko‘rib hayratga tushadi.
Avvaliga otasini kechirmaydi. Ammo onasining nasihatlari va o‘zining hayotiy xulosalari sabab unga yordam berishga qaror qiladi. Abror otasiga o‘z buyragidan birini beradi.
Shundan so‘ng Mardon o‘g‘lidan kechirim so‘raydi va film ota-bola o‘rtasidagi kechirim, mehr va insoniylik g‘oyalari bilan yakun topadi.
Aziz Latipov, Nargiza Abdullayeva, Fotima Oripova, Sanjar Namozov, Sug‘diyona Ubaydullayeva, Ibrohim Davronbekov, Nozima Asqarova, Lola Negmanjonova, Doston Vohidov.








































































































































































































































