
Hayollarimdasan
Bir yigit bo‘ladi. Hamma havas qilsa arziydigan yigit. Rahbar, kelishgan. Hamma uni bo‘ydoq deb o‘ylaydi, unga ko‘z tikkanlar ko‘p. "Qachon menga gapirarkan?" degan orzuda yurgan qizlar esa anchagina.
Unga hatto o‘z qizini taklif qiladiganlar ham topiladi. Lekin u hech biri bilan gaplashmaydi, o‘z dunyosida yashaydi. Doim bir dona atirgul olib uyiga qaytadi va uni stol ustiga qo‘yib, o‘zi yuvinishga kirib ketadi. Tomoshabin nega u har doim gul olishini tushunmaydi. Uni kimgadir bergani ham ko‘rsatilmaydi. U doim yolg‘iz yuradi, kechalari esa alahsirab chiqib ketadi.
Hamma u haqida turlicha mish-mishlar to‘qiydi. Kimdir: "G‘alati odam", desa, kimdir: "Menimcha kasal, uylanolmasa kerak, shuning uchun", deydi.
Bir kuni bir qiz: "Aynan shu yigitni men rom qilaman, u men bilan qoladi", degan maqsadda dugonasi bilan garov o‘ynaydi. Uni har xil noz-karashmalar, hiylalar bilan o‘ziga rom qilmoqchi bo‘ladi. Lekin o‘xshamaydi. Yigit doim o‘zini olib qochadi.
Bir kuni uni ichirib, mast holda uyiga olib boradi. Maqsadini amalga oshirmoqchi bo‘ladi, uning mastligidan foydalanmoqchi bo‘ladi. Lekin yigit shunda ham u istagan ishni qilmaydi. U yerdan chiqib ketadi.
Qiz uning nega bunaqaligini bilish uchun ortidan poylab yuradi. Uyigacha kuzatadi. Oxiri qo‘lida gul bilan uyiga kirganini ko‘radi. Yigit nim qorong‘i xonaga kiradi. Stol ustiga gulni qo‘yadi. Devor burchagida qimtinib, tebranib o‘tirgan bir ayol bor edi. Uning yoniga yaqinlashganda ayol telbalarcha baqiradi, uni uradi, narsalarni uloqtiradi. Yigit esa uni tinchlantirishga harakat qiladi, quchoqlab yig‘laydi.
Buni kuzatib turgan qiz bexosdan nimanidir tushirib yuboradi. Taraqlagan ovoz chiqadi.
Yigit uning ortidan quvadi. Uni tutib oladi va nega kuzatib yurganini so‘raydi. Qiz esa haligi ayol kim ekanini, nega u doim shunday holatda yurishini so‘raydi. So‘ng yigitni yaxshi ko‘rishini aytadi.
Yigit esa u ayol uning xotini ekanini aytadi. To‘ylari kuni butun qarindoshlari avtobusda to‘yga kelayotganida dahshatli avtohalokat sodir bo‘lganini, avtobus yonib ketganini aytadi. Xotini esa o‘sha kundagi og‘ir ruhiy zarba sabab aqli zaif holatga tushib qolganini tushuntiradi.
Yigit ota-onasi ham unga qayta-qayta boshqa ayolga uylanishni aytganini, oxiri gapirishdan charchab, bu mavzuni tashlab qo‘yishganini ham aytadi.
Qiz:
— Uni shunchalik sevasizmi? — deb so‘raydi.
Yigit:
— Ha. Uning tuzalishidan zarracha umidim bo‘lmasa ham sevaman. Men unga va’da berganman. Har qanday holatda ham seni tashlab ketmayman, senga xiyonat qilmayman. Nikohimizda: "Faqat seni sevaman", deb aytganman, — deydi.
Qiz:
— Axir u xasta-ku. Siz u bilan baribir bir umr baxtli yashay olmaysiz-ku, — deganida,
Yigit:
— Men u bilan doim hayollarimda baxtli yashayman. Ishonaman, bir kun albatta u tuzaladi va biz baxtli yashaymiz, — deydi.
Qiz ko‘z yoshlarini tiyolmay, yig‘lab ketadi.
Yigit telba bo‘lib qolgan xotinini nogironlar aravachasida ko‘chada sayr qildirib yuribdi. Ayol tirik murdaday hissiz, bir nuqtaga tikilgancha o‘tirardi. Yigit esa kulib, unga nimalarnidir gapirib borardi.
Haligi qiz esa ularni kuzatib turib, ichida shunday deydi:
"Shunday erim bo‘lsaydi, bir umr oyoqlarini yuvib, duosini olardim. Hammaga ham bunday muhabbat nasib etavermaydi. Afsus, shunchalik buyuk sevgi va vafoni uning ayoli hech qachon anglamaydi. Chunki u faqat o‘z olamida yashaydi. Javobsiz muhabbat — eng totli, shu bilan birga eng azobli hissiyotdir."
Qiz ortiga o‘girilib, ko‘z yoshlarini artgancha sekin uzoqlashib ketadi.
Sarvar Isayev, Diana Abdisamatova, Asal Axralxadjayeva, Elbek Zaripov, Muharram Abduxalilova, Baxtiyor Musayev, Mashkura Xolmetova, Nodira Murtazayeva, Zavqiddin Qurbonov, Maxfuza Eshmurodova


































































































































