
Munisa va eri Javlon Toshkentda yashovchi xorazmlik qiz – Xulkarni o‘g‘illariga kelin qilishadi. Xulkar og‘ir-bosiq, odobli, o‘qimishli, akusher-ginekolog shifokor bo‘lib ishlaydi. U Xorazmning urf-odatlarini yaxshi biladi, qaynota-qaynonasiga ovozini ko‘tarib gapirmaydi, ularni hurmat qiladi.
Munisa aslida yomon qaynona emas. Biroq uning qo‘shnisi va ayni paytda ovsini bo‘lmish Zebo uni tinmay gij-gijlaydi. Shuncha qalin puli berilgani, kelajakda uy-joy ham shu kelinga qolishi, shuning uchun boshidan uyda kim xo‘jayin ekanini ko‘rsatib qo‘yish kerakligini aytib, turli maslahatlar beradi. O‘zi ham bir vaqtlar qattiqqo‘l qaynona qo‘lida yashagan Munisa asta-sekin Zeboning gaplariga ishonib, keliniga talabni ko‘paytira boshlaydi.
Xulkar esa bir tomondan og‘ir va mas’uliyatli ishda ishlasa, ikkinchi tomondan uy yumushlarining hammasiga ulgirishga harakat qiladi. Munisa uning shifokorlik kasbiga ham aralashib, maoshi kamligini, qo‘shimcha pul topishi kerakligini aytadi. Xulkar esa bu kasbni pul uchun tanlamaganini, uning maqsadi birinchi navbatda insonlar hayotini saqlab qolish ekanini aytadi. Ammo Munisa buni tushunmaydi. Hatto uyga ukol oldirish yoki qon bosimini o‘lchatishga kelgan odamlardan ham pul olish kerakligini uqtirib yuradi.
Kun sayin Xulkarning zimmasidagi yuk og‘irlashib boradi. Bir kuni Zebo o‘z kelini qishga banka yopib bo‘lganini aytib, yana Munisani gij-gijlaydi. Javlon xotinining ertaga ishga borishi, bir necha operatsiya qilishi kerakligini aytib, dam olishini so‘rasa ham Munisa ko‘nmaydi. Xulkar kechasi bilan banka yuvib, mevalarni tayyorlaydi.
Ertasi kuni shifoxonada u charchoq sabab deyarli xatoga yo‘l qo‘yadi. Ona va bola hayoti xavf ostida qolishiga bir qadam qoladi. Fojia yuz bermaydi, lekin Xulkar qattiq larzaga tushadi. Uyga qaytgach, o‘zining xatosi sabab bir ona va bir bola o‘lishi mumkin bo‘lganini aytib, qaynonasidan qattiq ranjiydi va ota uyiga ketib qoladi.
Munisa esa hamon o‘zini haq deb o‘ylaydi. Zebo esa er kerak bo‘lsa, kelin baribir qaytib kelishini aytib, yana eski maslahatlarini beradi. Ammo bu safar Munisaning eri ham, o‘g‘li ham u bilan avvalgidek gaplashmay qo‘yadi.
Oradan kunlar o‘tadi. Bir kuni Munisa ovsini Zebonikiga boradi va u yerda qaynona bilan kelinning yomon munosabatiga guvoh bo‘ladi. Kelin qaynonasiga dag‘dag‘a qiladi, bolalari esa onasini mensimaydi. Munisa o‘zining bugungi qilmishlari ertaga o‘ziga va nabiralarining tarbiyasiga qanday ta’sir qilishini o‘ylab, ich-ichidan siqiladi.
Bir necha kundan keyin u tanishini ko‘rgani shifoxonaga boradi. U yerda Xulkarning bir kunda uch-to‘rtta operatsiya qilib, ter to‘kib ishlayotganini ko‘radi. Shifoxona hovlisida o‘tirganida bir bemorning yaqinidan Xulkar haqida iliq gaplarni eshitib qoladi. Ayol uning qo‘li yengil ekanini, eng muhimi pul so‘ramaganini, aks holda kimdan qarz olishni ham bilmasligini aytadi. Shu payt tug‘ruqxonadan yangi tug‘ilgan chaqaloqning yig‘isi eshitiladi va bir ayol Xulkarga bolasini saqlab qolgani uchun minnatdorlik bildiradi.
Munisa o‘sha paytda kelinining bir vaqtlar aytgan gaplarini eslaydi. U bir insonni emas, yuzlab onalar va bolalarning hayotini saqlab qolayotgan shifokorni uy yumushlari va ortiqcha talablar bilan qiynab qo‘yganini anglaydi. U qilgan ishidan qattiq uyaladi va aslida o‘z fikri bilan emas, boshqalarning eskicha qarashlari va tinimsiz maslahatlari ta’sirida keliniga ozor berganini tushunadi.
Munisa Xulkarning oldiga borib, undan kechirim so‘raydi va uni bu uyga kelin emas, qiz bo‘lib qaytishini istashini aytadi.
Film finalida Xulkar navbatdagi operatsiyaga shoshiladi. Munisa esa bu safar uning yo‘lini to‘sish o‘rniga oq xalatini uzatib, ishiga kech qolmasligini aytadi. Ona va kelin bir-biriga mehr bilan qarashadi.
“Qalin puli” – qalin pulining miqdori emas, insonning qadri va mehrning qiymati haqida hikoya.
Sanjar Nomozov, Kumush Zokirova, Ra’no Shomirzayeva, Zilola Quvvatova, Maftuna Ahmadaliyev, Baxtiyor Musayev, Dildora Muxammedova, Iqbol Oshiqov, Dildora Avazova, Diyora Olimova, Yulduz Palvanniyazov, Nasiba Tursunova, Shoira Sharipova, Gulnora Sharipova, Roza Irismuhammedova, Bahodir Madrahimov, Lola Ahmadjonova, Nodira Kenjayeva.








































































































































































































































