
Xotinini tug‘uruqxonaga olib borgan Ravshan uchinchi farzandi ham qiz bo‘lganini eshitib, alamiga chiday olmaydi. Oiladagi vaziyat taranglashadi. U xotinini o‘g‘il tug‘a olmaslikda ayblaydi. Endigina dunyo yuzini ko‘rgan qizini hatto qo‘liga olishni ham istamaydi.
Qulog‘iga azon ayttirganida, qiziga O‘g‘iloy deb ism qo‘yadi. Azon aytgan mulla: “Qiz bola deb sira nolimang, biz hatto mana shu qizning tirnog‘iga zormiz”, deydi.
Ravshan: “Shu chaqaloqni oling. Xotinim yana homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘adi. Baribir men bu qizni qabul qila olmayapman. Siz uni asrab olsangiz, savob bo‘ladi”, deb O‘g‘iloyni mullaga berib yuboradi. Erining qattiqqo‘lligi va jahldorligidan qo‘rqqan ayol esa yig‘lashdan boshqa chora topolmaydi.
Oradan ko‘p o‘tmay, mulla O‘g‘iloyni qaytarib olib keladi. Chaqaloq tinmay yig‘layotganini, xotini homiladorligi sabab shifoxonaga tushib qolganini aytadi. O‘g‘iloy onasining bag‘riga qaytadi. Ravshanning jahli battar chiqib, uni masjid yoniga olib borib qo‘yadi. Hech kim chaqaloqqa e’tibor bermagach, majburan uyiga olib qaytadi.
Oradan vaqt o‘tib, Ravshan o‘g‘illi bo‘ladi. Unga faxr bilan Arslon deb ism qo‘yadi. O‘g‘lini yer-u ko‘kka ishonmay ulg‘aytiradi, ko‘ngli tusagan barcha narsani muhayyo qiladi. Uni haddan tashqari erkalatib, taltaytirib yuboradi.
Bolalar ulg‘ayadi. Katta qizlari turmushga chiqadi, O‘g‘iloy va Arslon esa ota-onasi bilan hovlida yashaydi. Arslon bezori, o‘ylovsiz, ishining tayini yo‘q yigit bo‘lib ulg‘ayadi. Ravshanning qizlari uni ardoqlab, mehr berishadi. O‘zi orziqib kutgan o‘g‘li esa doim undan pul talab qilib, ota-onasini oyoqosti qiladi. Ravshan yillar davomida qilgan xatosi va noshukrligini tushunib yetadi, har kuni vijdon azobida qiynaladi.
Arslon bir qizning nomusiga tegib, qamalib qoladi. Buni eshitgan Ravshan yurak xurujiga uchrab, xastalanib qoladi. Qizlari uning oyoqqa turishi uchun harakat qilishadi va davolatishadi.
O‘g‘iloy tikuvchilik kasbini rivojlantirib, kiyim ishlab chiqaradigan sex ochadi. Ishlari rivojlanib, katta tadbirkorga aylanadi. Ota-onasiga uy va mashinalar sovg‘a qiladi, o‘zi yoqtirgan inson bilan turmush quradi.
Ravshan qiziga atab «O‘g‘iloy» nomli kitob yozadi. Kitobida boshidan kechirgan voqealari va dilidagi gaplarini bayon qilib, qizi bor otalarga o‘zi qilgan xatolarni takrorlamaslikni, qizlarini bolaligidan ardoqlab, mehr bilan voyaga yetkazishni nasihat qiladi.
Aziz Qobilov, Jabbor Toshev, Xusniya To‘ramurodova, Odilxon Muhammadxonov, Faridxon Yo‘ldoshev, Jumagul O‘sarova, Masuda Otajonova, Sitora Xayrullayeva, Nozigul Barziyeva, Jamoliddin Toshpo‘latov, Muhammadali Xojamqulov, Shaxrizoda Alimjonovna, Jahongir Teshaboyev, Toxir Nafasov, Shaxzod Saidov.








































































































































































































































