
Jasur boy emas, lekin boylar orasida yashaydi. Qimmat mashinalar haydagani uchun u boydek ko‘rinadi. U hayotni o‘yin deb biladi: “Kim kimni aldasa — o‘sha yutgan”.
Uch dugona — Nargiza, Dilnoza va Munira — hayotdan norozi. Bir kuni Nargiza shunday deydi: “Biz hayotga bir marta kelganmiz. O‘lgan o‘ldi, qolgan qoldi. Bizga hech kim qaramayaptimi, demak, qaratishimiz kerak”. Lekin Munira buni noto‘g‘ri deb biladi.
Shundan so‘ng Nargiza bilan Dilnoza yigitlarni ovlashga tushishadi. Jasur tasodifan Dilnozaga duch keladi. Lekin Jasur Dilnozaning niyatini anglaydi. Qiziqib, o‘yinga qo‘shiladi. Uni sovg‘alar va shirin gaplar bilan rom qiladi.
Keyin Nargizani ham uchratadi. Uning ham niyatini tushunadi va u bilan ham xuddi shunday o‘yin boshlaydi. Ikkala ayolni alohida-alohida aldab, biridan olganini ikkinchisiga sarflaydi. Ayollar Jasurga maftun bo‘lib, o‘zlari sarf-xarajat qilishadi. Vaqt o‘tgan sayin Jasurning yolg‘onlari, bahonalari va tushib qoladigan vaziyatlari kulgili, lekin xavfli tus ola boshlaydi.
Bu orada Jasur Munirani uchratib qoladi va birinchi qarashdayoq unga maftun bo‘ladi. Lekin bu safar u odatdagidek emas. U Munirani ham aldamoqchi bo‘ladi, unga gullar, sovg‘alar beradi. “Men siz uchun hamma narsaga tayyorman”, deydi. Lekin Munira uning so‘zlaridagi sun’iylikni sezadi va unga ishonmaydi. Uning maqsadini tushunib qoladi. Jasur esa birinchi marta birovga ta’sir qila olmayotganidan bezovta bo‘ladi.
Kunlar o‘tib, Jasur ishdan ayriladi — xo‘jayini uning shubhali ishlarini bilib qolib, uni ishdan haydaydi. Shu tariqa uning “boy obrazi” yemirila boshlaydi.
Kutilmaganda Dilnoza og‘ir kasal bo‘lib, kasalxonaga tushadi. Unga operatsiya uchun katta pul kerak bo‘ladi. Munira uning oldiga kelib, holini ko‘rib, ichi achiydi. U Nargizani chaqirib:
— Dugonangiz uchun pul topish kerak, — deydi.
Nargiza esa bahona qiladi:
— Hozir imkonim yo‘q...
Munira unga:
— Yigitingdan so‘ra, — deydi.
Nargiza esa:
— Uning ishlari hozir yurishmay turibdi... So‘rashga uyalaman, — deb gapdan qochadi.
Munira nima qilishni bilmay, siqilib yuradi. Bir kuni u tasodifan Nargiza bilan Jasurning birga, xursand yurganini ko‘rib qoladi. Ularning yaqinligini ko‘rib, shubhalanadi va ularni yashirincha kuzata boshlaydi. Shunda u haqiqatni tushunib yetadi: Jasur — firibgar, u hammani aldab yuribdi.
Lekin Munira o‘sha paytda Jasur faqat o‘zini va Nargizani aldab yurgan, deb o‘ylaydi. U uzoq o‘ylanib, bir qarorga keladi. Munira Jasurni chaqirib, unga shart qo‘yadi:
— Agar aytganingiz rost bo‘lsa, menga yordam bering.
Jasur Munira uchun hamma narsaga tayyorligini isbotlash maqsadida yana o‘yinga kiradi — Nargizani aldab, undan pul oladi va Muniraga beradi. Munira esa bu pulni Dilnozaning operatsiyasiga sarflaydi.
Operatsiyadan so‘ng Munira hammasini oshkor qilishga qaror qiladi. U Jasur va Nargizani kasalxonaga chaqirib, yuzma-yuz qiladi. Lekin o‘sha paytda Jasur bilan Dilnoza bir-biriga qarab qoladi. Shu qarashning o‘zi Muniraga hammasini ochib beradi: Jasur Dilnozani ham aldab kelgan. U ularning barchasini chuv tushirmoqchi bo‘lgan.
Muniraning jahli battar chiqadi. U Nargizaga qarab:
— Sen dugonang uchun pul topa olmading, lekin begona odam uchun topding. Dilnoza bir vaqtlar senga yordam bergandi. Sen esa bitta firibgar deb dugonangdan pulni ayading. Bergan pullaringni o‘sha qarzlaringni to‘ladim, deb hisobla, — deydi.
Jasur bu bosimga dosh berolmay, qochib ketadi. Nargiza esa uning ortidan quvib chiqib ketadi.
Dilnoza Muniraga rahmat aytadi va eri bilan yarashishini ma’lum qiladi. Jasur esa birinchi marta yutqazganini tan oladi.
Kasalxonada shifokor Shohruh nihoyat Muniraga yuragini ochadi. Bu safar Munira uning sevgisini qabul qiladi.
Tal’at Yo‘ldoshev, Zaxro Mamataliyeva, Begzod Zokirov, Jasmina Raxmonaliyeva, Maftuna Ahmadaliyeva, Asal Axralxo‘jayeva, Jahongir Qo‘chqorov, Setora Xayrullayeva, Abdumo‘min Komilov.








































































































































































































































