
Voqealar 2001-yildagi retro muhitdan boshlanadi. Yulduz opa turmushini saqlab qolish umidida yetimxonadan qizaloq asrab oladi va unga Nigina deb ism qo‘yadi. Ammo bu ham oilani saqlab qololmaydi — eri baribir ularni tashlab ketadi.
Yillar o‘tadi. Yulduz opa Niginani yolg‘iz o‘zi voyaga yetkazadi va boshqa turmush qurmaydi. Keyinchalik baxtsiz hodisa sabab nogironlar aravasiga mixlanib qoladi.
25 yoshga kirgan Nigina esa onasining yagona suyanchiği va boquvchisiga aylanadi. U bir tomondan onasiga bo‘lgan cheksiz mehr va mas’uliyat, ikkinchi tomondan esa o‘z baxti va kelajagi o‘rtasida qoladi. Yulduz opaning qarindoshlari esa uy “begona qiz”ga qolmasligi uchun Niginaning tezroq turmush qurib ketishini istashadi.
Niginaning sevgan yigiti uni chet elga olib ketmoqchi bo‘ladi. Ammo Nigina onasini yolg‘iz qoldira olmagani uchun muhabbatidan voz kechishga ham tayyor bo‘ladi. Oxir-oqibat yigit ketadi va Nigina uni butunlay yo‘qotdim, deb o‘ylaydi.
Bu voqea Yulduz opani qattiq iztirobga soladi. U o‘zini qizining baxtiga to‘siq va ortiqcha yuk deb his qilib, umidsizlikda joniga qasd qilishga urinadi. Ammo Nigina uni qutqarib qoladi.
Eng og‘ir sinovlardan keyin yigit kutilmaganda qaytib keladi. Ma’lum bo‘lishicha, u uzoqqa ketmagan, aksincha, Nigina va Yulduz opaga yaqin joydan uy sotib olgan edi. Shu tariqa Nigina onasini tashlab ketmasdan ham o‘z baxtini topish imkoniga ega bo‘ladi.
“Yuragimdasan” — muhabbat, fidoyilik, oilaviy mas’uliyat va insonning o‘z baxti uchun qiladigan og‘ir tanlovi haqida ta’sirli hikoya.
Jahongir Teshaboyev, Madina Adilova, Feruza Nazli, Maryam Xamzaeva, Timur Komilov, Barno Baxodirova, Zilola Polatova, Ilhom Ostonov, Sanjar Gavharov, Oybek Xamidov, Shaxrizoda Shakirova, Dilshod Butayev, Yulduz Joraqulova, Anvarov Bexruz








































































































































































































































