
Yomg‘irli tun. Shahar chekkasidagi tashlandiq hovlida sevishganlar tasodifan qariyaning vahshiylarcha o‘ldirilgan jasadini topib olishadi. Tergovni tajribali tergovchi — Azimov olib boradi. Marhumning shaxsi Muhiddin Muhsinov ekani aniqlanadi: u muqaddam sudlangan, og‘ir jinoyatlar, jumladan, jinsiy zo‘ravonlik uchun jazo o‘tagan shaxs.
Tergov davomida Muhsinovning o‘limi ortida oddiy qotillik emas, balki o‘tmishdagi dahshatli sir yashirin ekani ma’lum bo‘ladi. Hujjatlarni o‘rganish jarayonida Azimov 15 yil avval voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik ishiga duch keladi. Tergovchi, agar bu qiz hozir tirik bo‘lsa, qotillik unga bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi va uni qidirishga kirishadi.
Hozir katta yoshga yetgan Manzura og‘ir va fojiali hayot kechirib kelayotgan edi. Bolaligida boshidan kechirgan zo‘ravonlik uning butun taqdirini o‘zgartirib yuborgan: onasi g‘am-g‘ussadan vafot etgan, u yaqinlarining malomati va shafqatsiz munosabati ostida ulg‘aygan, baxtsiz turmush va ruhiy iztiroblar ichida yashagan. Uning hayoti izdan chiqqan, qalbida esa yillar davomida yig‘ilgan alam saqlanib qolgan.
Film tergov jarayoni bilan birga Manzuraning o‘tmishini bosqichma-bosqich ochib beradi. Bolalikdagi zo‘ravonlik, jamiyat bosimi, oilaviy fojialar va ruhiy tanazzul orqali uni qasosga yetaklagan sabablar ko‘rsatiladi. Yakunda qotillik sababi shaxsiy o‘ch ekani to‘liq ochiladi, ammo asosiy savol ochiq qoladi — haqiqiy adolat nima: qonunmi yoki inson qalbidagi alammi?
Azimov Manzuraning og‘ir hayotidan ta’sirlanadi va unga qonun doirasida yordam berishga qaror qiladi. Sud jarayoni yopiq tarzda o‘tadi. Unda Manzuraning hayotidagi fojialar, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani hamda ruhiy holati inobatga olinadi.
Ma’lum vaqt o‘tgach, Manzura qamoqdan ozod qilinadi. U qamoqxona darvozasidan chiqqach, uzoq yillardan so‘ng ilk bor erkin nafas oladi. Manzurani Azimov va uning hamkasbi kutib oladi.
Azimov Manzurani yangi hayot boshlashga undaydi va uni Ayollarni ijtimoiy himoya qilish agentligi bilan bog‘laydi. Davlat tashkiloti ayolga ish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni taklif qiladi.
Film Manzuraning o‘tmish azoblarini ortda qoldirib, yangi hayot sari qadam tashlashi bilan yakun topadi. U qasos emas, balki yashash va tiklanish insonni haqiqiy ozodlikka olib kelishini anglay boshlaydi.
Feruza Mustayeva, Begzod Shaymatov, Xondamir Niyazov, Jasmina Salimova, Imomali Berdiyev, Alimardon Ziyoviddinov, Shaxlo Xojiyev.








































































































































































































































