
Uchqun — iste’dodli avtomexanik va bokschi. Bir vaqtlar u yaqin do‘stlari Jahongir va Murod bilan kichik ustaxonada halol mehnat qilib yashardi. Ammo hal qiluvchi boks jangidan so‘ng uning hayoti butunlay o‘zgaradi. Jang vaqtida raqibi Sherzod halok bo‘ladi va Uchqun aybdor sifatida qamoqqa tushadi. Aslida esa bu fojia tasodif emasdi: Jahongir shaxsiy adovati sabab Sherzodni yo‘q qilish uchun uning murabbiyini sotib olgan, biroq bu sirni faqat uning o‘zi bilardi.
Yillar o‘tib, Uchqun ozodlikka chiqadi. Uni eski do‘stlari — Jahongir, Murod va Jahongirning sodiq haydovchisi Alisher kutib oladi. Bu vaqt ichida Jahongir katta pul aylanadigan noqonuniy biznesga aralashib ketgan, ammo Uchqun oldida hamon samimiy do‘stdek ko‘rinadi. U Uchqunni o‘z safiga qaytarishga urinadi, biroq Uchqun rad etadi. Uning yagona istagi — o‘tmishni ortda qoldirib, ustaxonada ishlab, tinch hayot boshlash.
Bir kuni restoranda mast holatda qolgan Uchqunga ofitsiant qiz Sevinch yordam beradi. Viloyatdan o‘qish orzusida kelgan qiz hayot qiyinchiliklari sabab restoranda ishlashga majbur. Qarzdorlik va doimiy bosim ostida yashayotgan Sevinch bilan uchrashuv Uchqunning taqdirini yana o‘zgartiradi.
Restoran egasi Hamid esa shahardagi xavfli odamlardan biri. U chet elda yashovchi narkobaron Usmonning o‘g‘li bo‘lib, otasi yuborgan giyohvand moddalarni sotish bilan shug‘ullanadi. Ammo Hamid katta miqdordagi pulni qimorda yutqazib qo‘yadi va endi otasi oldida javob berishi kerak. Uning vaqti oz, qarzi esa katta.
Hamidning Sevinchga nisbatan zo‘ravonligiga guvoh bo‘lgan Uchqun bunga chiday olmay, uni qattiq kaltaklaydi. Shu bilan u o‘zini xavfli jinoiy guruhga qarshi qo‘yadi. Jahongir Uchqunga endi Hamid uni tinch qo‘ymasligini aytadi. Qutulishning yagona yo‘li — ular uchun bitta xavfli ishni bajarish.
Shu paytda Sherzodning ukasi Dilshod ham paydo bo‘ladi. U akasining o‘limida Uchqunni aybdor deb biladi. Bu fojiadan keyin ota-onasidan ham ayrilgan Dilshod yillar davomida qasos olish istagi bilan yashagan. Endi u Uchqunning ortidan soya kabi ergashib, qulay fursat kutadi.
Jahongir va Hamid qarzdan qutulish uchun so‘nggi tavakkal rejani tuzadi. Ular katta miqdordagi giyohvand moddani jinoyat olamidagi xaridor Nodirga sotmoqchi bo‘lishadi. Yetkazib berish vazifasi Uchqun zimmasiga tushadi. Ammo Uchqun yana birovning o‘yinida qurbon bo‘lishni istamaydi. U Nodir bilan yashirin kelishuvga borib, Jahongirning asl qiyofasini fosh qilish uchun o‘z rejasini tuzadi.
Vaziyat tobora nazoratdan chiqadi. Sevinch shahardan qochib ketishga urinadi. Hamid esa uni o‘z sirlari uchun xavf deb bilib, Dilshodni unga qarshi qayraydi. Qasos, pul, muhabbat va xiyonat bir nuqtada to‘qnashadi.
Belgilangan kuni noqonuniy yuk almashinuvi boshlanadi. Qurollar, soxta pullar va ikki tomonlama o‘yinlar orasida kim do‘st-u, kim dushman ekanini ajratish qiyinlashadi. O‘zini barchadan aqlli deb hisoblagan Jahongir ham kutilmaganda boshqalar qurgan tuzoqqa tushadi.
Uchqun esa hayotidagi eng og‘ir haqiqatga duch keladi: u ishongan insonlardan biri uni sotadi. Pul uchun emas — muhabbat uchun. Do‘stlik, muhabbat va vijdon o‘rtasida qolgan Murodning birgina qarori barcha qahramonlarning taqdirini o‘zgartirib yuboradi.
Fojiali voqealardan so‘ng yillar davomida yashirilgan haqiqatlar yuzaga chiqadi. Jinoyatchilar jazosini oladi, ammo bu g‘alabaning badali juda qimmatga tushadi.
Hayot esa davom etadi. Sevinch va uning dugonasi Go‘zal nihoyat orzu qilgan talabalik hayoti sari qadam qo‘yadi. Ammo ularning xotirasida bir inson abadiy qoladi — boshqalarning yukini ko‘tarib yashagan, ammo o‘z taqdirini o‘zgartirishga ulgurmagan inson.
Shoxruz Ismoilov, Tohir Dadaboyev, Otabek Sharipov, Merdan Matvaliyev, Shaxzoda Turgunova, Guli Oktamova, Mansur Egamberdiyev, Suxrob Anermetov, Otabek Toxirov, Jamoliddin Toshpolatov.








































































































































































































































