
Otabek va Zarinaning baxtli kunlarining birida Otabekni bir odam pichoqlab ketadi. O‘sha kuni Zarinani ham o‘g‘irlab ketishadi. Otabek ikki-uch kundan keyin o‘ziga kelganida, bu xabarni eshitadi va bu ishni kim qilganini bilish uchun surishtiruvga kirishadi. U bilan birga butun bo‘linma oyoqqa turgan bo‘lsa ham, jinoyatchilar ishni puxta rejalashtirgani uchun ularni topish juda qiyin bo‘ladi.
Zarina qimorbozlarning tutqunligida Dilnura ismli qiz bilan tanishib qoladi. Dilnura ikki-uch yildan beri shu yerda ekanini, eri uni qimorda yutqazib qo‘yib, aldab qimorbozlarga berib yuborganini aytadi. Keyinchalik eri Dilnurani olib ketish uchun kelganida, Dilnura g‘azab ustida unga pichoq sanchib yuborgan bo‘ladi. Shundan so‘ng u shu tuban muhitda, qimorbozlarning ko‘nglini ovlab yashashga majbur bo‘lganini aytib beradi.
Shu tariqa kunlar o‘tadi. Otabek izlanishlari davomida bu ishni ikki yil oldin tumanda qo‘lga olingan qimorbozlarning boshlig‘i Sattor tashkil qilganini aniqlaydi. Ular amnistiyaga tushib, ozodlikka chiqqan va Otabekdan o‘ch olish maqsadida shu ishni amalga oshirgan bo‘lishadi.
Sattor xotinini qaytarib berish evaziga Otabekdan katta miqdorda pul talab qiladi. Otabek bunga rozi bo‘lib, pulni aytilgan joyga olib boradi. Ammo o‘sha kuni xotinini olib keta olmaydi. Sattor unga qo‘ng‘iroq qilib: “Ertaga xotiningni o‘zimiz olib borib beramiz”, deydi.
Lekin o‘sha kecha Sattor Zarinaga tegajog‘lik qilmoqchi bo‘ladi. Zarinani himoya qilishga uringan Dilnura pichoqlanib, halok bo‘ladi.
Shu orada qimorbozlarning sherigi Sherzod yashirincha Otabekka qo‘ng‘iroq qilib, kelishuv taklif qiladi. Sherzod bu hayotdan charchaganini, oilasining yoniga qaytmoqchi ekanini, ammo shunchaki ketib qola olmasligini aytadi. U Otabekka: “Sudda menga yengillik berilishiga yordam ber, men senga Sattorning qayerdaligini aytaman”, deydi.
Otabek berilgan ma’lumot asosida ularni qidirib boradi va xotinini topadi. To‘xta uning yo‘lini to‘sib, Zarinani garovga oladi va: “Agar taslim bo‘lmasang, xotiningni o‘ldiraman”, deb tahdid qiladi. Shu payt Sherzod orqadan kelib, To‘xtani otadi. Otabek esa Zarinani qutqarib qoladi.
Bu paytda Sattor yashiringan joyidan chiqib, mashinasiga o‘tiradi. Ammo mashinada Otabekning boshlig‘i Sarvar uni kutib turgan bo‘ladi. Sarvar Sattorni o‘sha yerning o‘zida qo‘lga oladi.
Otabek yana yaralangani sababli shifoxonada davolanadi. Sarvar uni ko‘rgani kelib, Otabekning xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlanganini va uning sharafiga bayram uyushtirib berishini aytadi.
Shu tariqa barcha sinovlardan omon o‘tgan Otabek va Zarina yana birga, baxtli hayotlarini davom ettirishadi.
Ma'ruf Otajonov, Shoxnur Saydahmadov, Gulruxson Toirjonova, Mashxura Xolmetova, Farxod Muxtorov, Go'zal Komilova, Begzod Zokirjonov, Imom Miryusupov, Abror Kabulov.








































































































































































































































