
Qo‘lida hech qanday diplomi va kasbi bo‘lmagan ayol ota uyiga qaytadi. Biroq u yerda uni sovuq kutib olishadi. O‘gay onasi uning uyda qolishini istamaydi. Otasi ham: “Chidasang bo‘lardi. Boshimga kelib o‘tirib olding”, kabi gaplarni aytadi. Bu gaplar jonidan o‘tgan Nigora uydan chiqib ketadi. Shahardan ish topishga qaror qilib, bor tilla buyumlarini sotadi va shaharga yo‘l oladi. U yerda ishlaydigan dugonasi bilan ijarada yashay boshlaydi va ish izlaydi.
Yashash uchun mablag‘ topishi kerak bo‘lgan Nigora bir firmaga oddiy farrosh bo‘lib ishga kiradi. U yerda kecha-yu kunduz tinim bilmay mehnat qiladi. Ofis rahbari Jahongir aka — o‘ta talabchan, qattiqqo‘l va tartibni yaxshi ko‘radigan inson. Uning yonida ishlaydigan yordamchi va kotibalar rahbarning xarakteriga chiday olmay, tez-tez ishdan bo‘shab ketishadi.
Kunlarning birida ofisga shoshilinch ravishda kompyuterda matn teruvchi kerak bo‘lib qoladi. Bu Nigora uchun taqdir taqdim etgan kichik bir imkoniyat edi. U tavakkal qilib, rahbaridan unga imkon berishini so‘raydi va oxirgi puliga shoshilinch ravishda kompyuter kursiga yoziladi.
Nigora kunduzi farroshlik qilib, kechasi uxlamay kompyuterda tez yozishni mashq qiladi. Hatto uyida kompyuteri bo‘lmagani uchun qog‘ozga klaviatura rasmini chizib, barmoqlarini harakatlantirishni o‘rganadi. Uning matonati evaziga uni kotibalik lavozimiga o‘tkazishadi.
Endi uning zimmasiga nafaqat matn terish, balki rasmiy xatlar tayyorlash va rahbarga qahva damlash vazifasi ham yuklanadi. Biroq ofisdagilar ichki raqobat sabab unga xat yozish qoidalarini o‘rgatishmaydi. Nigora tushkunlikka tushmaydi. U internet orqali rasmiy xat yozish qoidalari va hujjatlar bilan ishlash sirlarini mustaqil o‘rganadi. Nigoraning mas’uliyati, har bir detalga e’tibor berishi va samimiyligi tufayli u tez orada rahbarning eng ishonchli yordamchisi darajasiga ko‘tariladi.
Boshida Nigorani faqat koyiydigan va kamchiliklarini qidiradigan Jahongir aka vaqt o‘tishi bilan bu ayolning ichki go‘zalligini, sidqidildan qilayotgan mehnatini va sofdilligini ko‘ra boshlaydi. Uning o‘zi ham o‘tmishda yaqinlaridan pand yegan, qalbi yaralangan inson bo‘lib chiqadi. Ikki yolg‘iz qalb bir-birini tushuna boshlaydi. Munosabatlar jiddiylashgach, Jahongir Nigoraga turmush qurish taklifini beradi.
Biroq Nigoraning ichida katta qo‘rquv bor edi. U yig‘lab:
— Men farzand ko‘ra olmayman, — deydi.
Jahongir esa unga tikilib:
— Menga bola emas, sen keraksan. Sen bilan o‘tadigan har bir kunim men uchun baxt. Men roziman, — deb javob beradi.
Bu Nigoraning hayotidagi eng katta ruhiy g‘alaba edi.
Ular turmush qurishadi. Nigora nafaqat sevimli yor, balki go‘zal bir xonadonning bekasiga aylanadi.
Film so‘ngida tibbiyot ojiz qolgan, atrofidagi insonlar undan yuz o‘girgan Nigoraga sabri, mehnati va pok niyati evaziga Alloh mo‘jiza tuhfa etadi — Nigora homilador bo‘ladi.
Madina Odilova, Muhammadali Aliyev, Zumrad Eshonqulova, Zilola Quvvatova, Dilafruz Usmonova, Abdug‘ani Ro‘ziyev, Muharram Abduxalilova, Abdulaziz Jalilov, Ziyoda Fozilova, Adham Ahmadaliyev, Nuriddin Mo‘minov, Ruxsora Shodmonova, Lola Negmanjonova, Ziyoda Botirova, Diyor Tursunboyev, Begzod Zulfiqorov.








































































































































































































































