
Laylo — oliygohda tahsil olayotgan, orzulari katta, mustaqil hayot va karyera sari intilayotgan qiz. U turmush qurishga hali erta deb hisoblaydi, biroq uyidagilarning “sovchilar ko‘payib ketdi” degan bosimi ostida nihoyat bir yigit bilan uchrashuvga chiqishga rozi bo‘ladi.
Uchrashuvga kelgan Murodning chiroyi, odobi va muloyimligi Layloga darhol yoqadi. Shu kundan boshlab ular tez-tez telefonda gaplashib, tobora yaqinlashib boradilar. Faqat bir jihat Layloni o‘ylantiradi: Murod telefonda boshqacha ovozda gapirar, yana qayta uchrashishdan turli bahonalar bilan qochardi. Aslida esa telefonda Laylo bilan gaplashayotgan yigit Azim bo‘ladi.
Ko‘p o‘tmay, ikki oila quda bo‘lishadi va to‘y kuni belgilanadi. Ammo to‘y kuni Laylo kutgan Murod emas, butunlay boshqa yigit — Azim keladi. Ma’lum bo‘lishicha, asl kuyov Azim bo‘lib, u o‘zining tashqi ko‘rinishidan uyalganligi sababli ilk uchrashuvga o‘rniga do‘stini yuborgan. Telefon orqali Laylo bilan suhbatlashgan va sovg‘alar yuborgan ham Murod emas, aynan Azim edi.
Haqiqatni bilgan Laylo to‘yni to‘xtatmoqchi bo‘ladi. Ammo onasi va opasining qistovi, shuningdek, otasining yuragi bu sharmandalikni ko‘tara olmasligini o‘ylab, bunga jur’at eta olmaydi.
Turmushdan so‘ng Laylo Azimni kechira olmaydi — unga sovuq va qo‘pol munosabatda bo‘lib, yolg‘oni uchun ayblaydi. Azim esa o‘z aybini tan olib, bu ishni Layloni chin dildan sevgani uchun qilganini tushuntirishga urinadi.
Kunlar o‘tib, Laylo yangi uyida samimiy va mehribon insonlar — g‘amxo‘r qaynota-qaynona hamda sabrli, e’tiborli eri bilan yashayotganini anglay boshlaydi. Azimning tashqi ko‘rinishi ortida naqadar pok qalb va cheksiz muhabbat borligini his etgan sari, Layloning qalbidagi alam asta-sekin eriydi.
Oxir-oqibat Laylo asl go‘zallik tashqi qiyofada emas, insonning qalbi va muhabbatida ekanini tushunadi. Yolg‘on ustiga qurilgandek tuyulgan bu nikoh chin tuyg‘ular bilan mustahkamlanib, ular o‘zaro ishonch va mehrga tayangan baxtli oilaga aylanadilar.
Ilhom Ostonov, Jahongir Teshaboyev, Aziza Axralxo‘jayeva, Muyassar Berdiqulova, Zilola Po‘latova, Nozigul Barziyeva, Tolib Mo‘minov, Miravaz Solihov








































































































































































































































