
Turmush o‘rtog‘idan erta ayrilgan Nozima bir yil davomida og‘ir yo‘qotish azobi bilan yashaydi. U deyarli har kuni tushida o‘sha mudhish avtohalokatni ko‘rib, qo‘rqib uyg‘onadi. Farzandini boqish va hayot tashvishlarini yengish uchun yolg‘iz o‘zi kurashishga majbur bo‘ladi.
Hayotidagi qiyinchiliklar sabab Nozimaning erkaklarga bo‘lgan ishonchi so‘nadi. U beva ayollarga ko‘pchilik shunchaki ko‘ngilxushlik uchun yaqinlashadi, deb o‘ylaydi. Ammo bir kuni uning hayotida Behruz paydo bo‘ladi.
Behruz yetkazib berish xizmatida ishlab, ro‘zg‘orini tebratadigan oddiy yigit. Uning ham o‘tmishi og‘riqli: xiyonatni boshdan kechirgan, kasal onasiga g‘amxo‘rlik qilib yashaydi. Bir kuni Behruz Nozimani unga shilqimlik qilayotgan boshlig‘idan himoya qiladi. Nozima avvaliga minnatdor bo‘ladi, biroq Behruz yordam berishga doim tayyorligini aytgach, uning niyatini noto‘g‘ri tushunib, qo‘pol muomala qiladi.
Vaqt o‘tishi bilan Behruz Nozimaning o‘g‘li bilan ham yaqinlashadi. Nozima va Behruz asta-sekin bir-biriga ko‘ngil qo‘yishadi, ammo his-tuyg‘ularini tan olishga jur’at eta olishmaydi.
Kutilmaganda Behruz onasidan ayriladi. Og‘ir kunlarda Nozima unga dalda bo‘lib, o‘ziga kelishiga yordam beradi. Shu tariqa ularning o‘rtasidagi yaqinlik chin muhabbatga aylanadi.
Do‘stlarining daldasi bilan ular nihoyat bir-biriga bo‘lgan tuyg‘ularini oshkor qilishga qaror qilishadi. Behruz yetkazib berish qutisiga uzuk solib, Nozimaga turmush qurishni taklif qiladi. Nozima esa uning taklifiga rozilik beradi.
Musulmon Yunusov, Madina Odilova, Umid Xasanov, Anvar Salimov, Sardor Saydullayev, Muxlisa Boboqulova, Mashxura Xolmedova, Dilafruz Usmonova, Abdulaziz Jalilov, Sardor Karimov, Xondamir Niyozov.








































































































































































































































