
Alisher ko‘zini kasalxonada ochadi. Atrofga qarab, nima bo‘lganini tushunishga harakat qiladi. Shifokor kelib, uning o‘ziga kelganidan hayratga tushadi va bu haqiqiy mo‘jiza ekanini aytadi. Ma’lum bo‘lishicha, Alisher mast holatda avtomobil boshqarib, avtohalokatga uchragan va komaga tushib qolgan.
Alisher qancha vaqt komada yotganini so‘raganida, shifokor: «10 yil», deb javob beradi va 2036-yil ko‘rsatilgan kalendarni ko‘rsatadi. Bundan shokka tushgan Alisher oilasini ko‘rishni istaydi. Ammo shifokor unga xotini va o‘g‘li avtohalokatda vafot etgani, faqat qizi tirik qolgani haqida aytadi. Qizi ham otasini mast holda mashina boshqargani uchun kechira olmasligini bildirgan. Bundan tashqari, Alisherning firmasi ham kasodga uchragan va uning hech narsasi qolmagan.
Alisher o‘tmishini eslashga harakat qiladi. U katta firmaning rahbari bo‘lgan, ichkilikka ruju qo‘ygan va ko‘pincha mast holatda mashina boshqargan. Do‘sti Shohrux uni doimo ichkilikning oqibati yomon bo‘lishidan ogohlantirib kelgan. Ammo Alisher bunga quloq solmagan va kunlarning birida mast holda rulga o‘tirib, avtohalokatga uchragan.
Aslida esa Alisher 10 yil komada yotmagan edi. Avtohalokatdan so‘ng Shohrux shifokorlar bilan kelishib, do‘stiga qattiq saboq berish uchun barchasini sahnalashtiradi. Kasalxona xonalari, kalendar, hatto Alisherning «qizi» ham soxta bo‘ladi. Soxta qizi kelib, uni ayblab yig‘laganida Alisher qilgan ishlaridan qattiq pushaymon bo‘ladi.
Ruhiy azobga chiday olmay qolgan Alisher o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘ladi. Shu payt kasalxonadagi bemorlardan biri hozir aslida 2025-yil ekanini aytib qo‘yadi. Alisher yana shokka tushadi.
Shohrux kelib, unga butun haqiqatni ochib beradi: oilasi tirik, avtohalokat esa bor-yo‘g‘i bir hafta oldin sodir bo‘lgan. Bularning barchasi Alisherni o‘ziga keltirish va unga saboq berish uchun uyushtirilgan edi.
Alisher ko‘z yoshlarini tiyolmay, boshqa ichmaslikka va’da beradi. Oilasi kelgach, ularni bag‘riga bosib, qilgan xatolari uchun kechirim so‘raydi va Shohruxga uni vaqtida to‘xtatgani uchun minnatdorlik bildiradi.
Husan Maqsudov, Dilnoza Mahmudova, Surat Islomov, Soliha Ravshanova, Xurshid To‘xtayev, Diyora Olimova, Sabina Sodiqova, Dilafruz Usmonova.








































































































































































































































