
Bu novellada ikki yoshning pok sevgisi va ularning ayanchli ayriliqi haqida hikoya qilinadi.
O‘ziga to‘q oilaning qizini sevib qolgan voqea qahramoni Akbar qizning boyvachcha otasining shartlariga va uning g‘ururini yerga urishlariga chiday olmay, sevgisidan voz kechishga majbur bo‘ladi.
Dilnoza esa otasining roziligiga qarshi chiqa olmay, uning boy do‘stining o‘g‘liga turmushga chiqadi.
Bu orada sevgilisidan ayrilgan Akbar yana o‘ziga kelib, kichkina ustaxonasida texnika ta'mirlash bo‘yicha ustachiligini davom ettiradi.
Bir kuni kompyuterini tuzatish uchun Akbarga olib kelgan katta korxona rahbari yigitning o‘z sohasini juda yaxshi tushunishini ko‘rib, uni korxonasiga texnika ta'mirlash bo‘yicha ishga taklif etadi.
Akbar o‘zining ishbilarmonligi, ko‘ngli ochiqligi va halolligi bilan korxona rahbarining nazariga tushadi. Rahbar yolg‘iz, ko‘zi ojiz qizi Sarvinozni Akbarga o‘z roziligi bilan uzatadi. Ular baxtli yashay boshlaydilar.
Dilnozaning esa to‘yidan bir muddat o‘tgach, erining hech qayerda ishlamaydigan, otasining pulini sovurib yuradigan giyohvand ekanligi ma'lum bo‘ladi.
Boy qaynota: "Kuyovimga insof kirarmikan", degan umidda unga firmasining rahbarligini topshiradi. Ammo kuyov va uning otasi Dilnozaning otasini chuv tushirishadi.
Giyohvand kuyov esa giyohvand moddalar oldi-sotdisi bilan qo‘lga olinib, qamaladi.
Lekin u narkotik modda ta'sirida bo‘lgan paytda Dilnozaning boshiga qattiq jism bilan urib, og‘ir jarohat yetkazgan bo‘ladi. Oradan vaqt o‘tib, o‘sha jarohat xavfli o‘simtaga aylanadi va qizning hayotiga jiddiy xavf sola boshlaydi.
To‘yidan keyin tasodifan sevgan qizi bilan uchrashib qolgan Akbar uning kasalligini bilib, shoshilib qoladi. Chunki u hamon Dilnozani sevardi.
Akbar uning hayotini saqlab qolish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi. Uni chet ellarga olib boradi, operatsiya qildiradi. Ammo baribir uni asrab qola olmaydi.
Dilnoza vafot etishidan oldin yolg‘iz o‘g‘li Boburjonni sevgilisi Akbarga omonat qilib topshiradi.
Akbarning xotini Sarvinoz esa eri unga ko‘zi ojiz bo‘lsa-da uylangani va doimo mehribon bo‘lgani uchun bolani o‘z farzandidek qabul qiladi va unga onasidek mehr ko‘rsatadi.
Keyinchalik Akbar va Sarvinozning ham qizalog‘i dunyoga keladi. Akbar qiziga ilk sevgisi — Dilnozaning ismini qo‘yadi.
Timur Kubayev, Shaxsanem Abdijamilova, Farhod Muhtorov, Javohir Qalandarov, Maftuna Ahmadaliyeva, Mehriddin Rahmatov, Muharram Abduhalilova, Sevara Haydarova, Jahongir Jabborov, Shaxlo Ahmadjonova


































































































































