
Film tragediya janrida bo‘lib, uch bolakayning ayanchli va qayg‘uli o‘tmishi haqida hikoya qiladi. Ra’no tabiatan juda bemehr, shafqatsiz ayol. Uning uch nafar farzandi bor: katta qizi Laylo, o‘rtancha qizi Barno va kichik farzandi — o‘g‘li Abror.
Ra’noning eri ayolining janjallaridan bezigan. Shu sababli u uyga kelishni istamay, zavodga qorovul bo‘lib ishga kirgan va 10–15 kunda bir kelib turadi. Jasur farzandlarini juda yaxshi ko‘rar, ularni qadrlardi. Ra’no esa o‘zi tuqqan farzandlarining boshiga og‘ir kunlarni soladi. Ularga vaqtida ovqat bermaydi, maktabi va kiyim-kechagiga umuman qaramaydi. Aksincha, qizlarini ayovsiz ishlatar, hatto sovuqda ham ularga rahm qilmaydi. O‘zi esa ko‘chadan beri kelmaydi, kelganida ham faqat bolalarini urish bilan vaqt o‘tkazadi.
Bolalar shu tariqa o‘z kunlarini o‘zlari ko‘rishni boshlaydilar. Laylo katta farzand bo‘lgani uchun singlisi va ukasini boqish kerakligini tushunib, asosiy mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladi. Ba’zan maktabiga ham bora olmaydi. U singlisi va ukasining qornini to‘ydirish uchun tong sahardan turar, ba’zan novvoydan, ba’zan esa ko‘chadagi odamlardan yordam olib, uyga shoshib kelardi.
10–15 kunda bir kelib-ketadigan Jasurni farzandlari intiqlik bilan kutishadi. Jasur har safar kelganida farzandlariga yashirincha pul berib ketadi. Ammo Ra’no buni ham bilib qolgach, eri berib ketgan pullarni farzandlaridan tortib ola boshlaydi. Jasur endi bolalarga pul berib ketishning foydasi yo‘qligini tushunadi. Shu sababli u har kelganida o‘zi bilan oziq-ovqat, shirinlik va bolalariga qurbi yetganicha kiyim-kechak olib kela boshlaydi.
Er-xotinning munosabati juda yomonlashib, ular ajrashish yoqasiga kelib qoladi. Ana shunday og‘ir va sovuq kunlarning birida Ra’no uzoq qarindoshinikiga ketib, 3–4 kunlab ko‘rinmaydi. Shu orada Layloning singlisi Barno kasal bo‘lib qoladi. Laylo o‘zi ham yosh bola bo‘lgani uchun qo‘lidan kelganicha singlisini davolashga harakat qiladi. Ammo kasallik og‘irligi sababli Barno hayotdan ko‘z yumadi. Jajji Laylo va Abror dod solib yig‘lagancha qoladi.
Shunda ham Ra’noga aql kirmaydi. Farzandining vafotidan qayg‘uga tushgan Jasur ayoli bilan ajrashib, chet elga ketishni rejalashtiradi. Shu orqali u ko‘proq pul topib, keyinchalik farzandlarini ham olib ketishni o‘ylaydi. Ammo u ketganicha bedarak yo‘qoladi.
Voqealar hozirgi kunga ulanadi. Laylo ulg‘aygan, o‘zining ikki nafar farzandi bor. U oilasi bilan chet elda yashaydi. Yillar o‘tib, u o‘z uyiga, ya’ni onasi va ukasining oldiga keladi.
Abrorning ayoli Farida qaynsinglisi Laylo bilan tez til topishib ketadi. Ikkisi dardlasha boshlaydi. Laylo bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni keliniga gapirib beradi. Ra’no hamon tirik va uning fe’li zarracha ham o‘zgarmagan. U avval o‘z bolalarini qon qaqshatgan bo‘lsa, endi keliniga kun bermayotgan edi.
Laylo kelinining ko‘nglini ko‘tarib, onasidan xafa bo‘lmaslik va uni to‘g‘ri tushunishga harakat qilishini iltimos qiladi. Film so‘ngida opa-uka yig‘lab ko‘rishadi. Laylo o‘z onasini kechirmaydi. Ukasi va keliniga baxt tilab, ortiga qaytib ketadi. Ra’no esa qilmishlaridan uyalib, afsuslanib, yig‘lagancha qoladi.
Jumagul O‘sarova, Muqaddas Xoliqova, Sevilya Xudoyberganova, Jayrona Xasanova, Yoqub Ahmedov, Jasur Qodirov, Kamila Alimjanova.








































































































































































































































