
Sardor — oddiy sartaroshlik qilib, halol mehnati ortidan oilasini tebratayotgan, sodda va ko‘ngli toza inson. Uning hayotidagi eng katta boyligi — oilasi. Ammo Sardor va uning rafiqasi Zarifa o‘rtasidagi munosabatlar tobora murakkablashib boradi. Ular bir-birini yaxshi ko‘rishsa-da, mayda-chuyda kelishmovchiliklar tez-tez katta janjallarga aylanadi. Zarifaning talabchanligi, Sardorning esa ba’zi masalalarda murosasizligi uydagi osoyishtalikni buzib, Sardorni ruhan charchatadi.
Kunlarning birida Sardor ishxonada hamkasbi Jalil bilan dardini bo‘lishadi. Jalil esa uning muammolarini eshitib, go‘yo oson yechim topgandek: “Ikkinchi xotinga uylan. Men ham shunday qilganman. Erkak kishi haqiqiy hayot quvonchini shunda topadi”, — deya maslahat beradi. Avvaliga bu gapni hazil deb qabul qilgan Sardor keyinchalik Jalilning so‘zlariga ishona boshlaydi. Uning ta’sirida Sardor Maftuna bilan tanishib, ikkinchi bor nikohdan o‘tadi.
Sardor Maftuna uchun alohida kvartira ijaraga oladi. Uning rejasiga ko‘ra, ikki oilasini ham moddiy va ma’naviy jihatdan ta’minlab, hech kimni kamsitmasdan yashashi kerak. Ammo u bu qarorining ortida qanday katta muammolar turganini tasavvur ham qilmaydi. Endi Sardorning zimmasiga ikki xonadonning ijara haqi, ro‘zg‘ori, kiyim-kechagi, kundalik xarajatlari va boshqa majburiyatlar tushadi. Bir vaqtning o‘zida ikki ayolning ko‘nglini olish va ularga teng munosabatda bo‘lishga urinishi uning hayotini tobora og‘irlashtiradi.
Sardorning ishi esa avvalgidek barqaror emas. Daromadi ikki oilaning ehtiyojlarini qoplashga yetmay boshlaydi. Qarzlar ko‘payadi, ishdagi muammolar ortib, u kun sayin ruhan va jismonan charchaydi. Eng yomoni, Zarifa Maftuna borligini bilib qoladi. Uning uchun erining ikkinchi bor uylangani oddiy xiyonat emas, balki oilasiga berilgan zarba bo‘ladi. Zarifa Sardordan hisob so‘raydi, Maftuna bilan yuzma-yuz keladi va ikki ayol o‘rtasidagi ziddiyat keskin tus oladi.
Sardor esa endi ikki tomon orasida qoladi. Ilgarigi bitta oiladagi janjallardan qochib, “osoyishta hayot” izlagan inson endi ikki karra muammo ichida qolganini anglaydi. Bir uydan chiqsa, ikkinchi uyda janjal, ikkinchisidan chiqsa, birinchi uyda da’vo kutib turadi. Uning “baxtliroq yashayman” degan orzusi asta-sekin sarobga aylanadi.
Surat Islamov, Sardor Saydullayev, Feruza Mustayeva, Go'zal Mamasoliyeva, Dovudbek Ismailov, Jumagul O'sarova, Xondamir Niyozov, Dilshod Shams








































































































































































































































