
Shaharning chekkasidagi uyda yashirincha to‘yga tayyorgarlik ketmoqda. 18 yoshli Xonzoda sevgan yigitidan homilador bo‘lib qolgan. Oilasi bu sharmandalikni yashirish uchun uni o‘zidan ancha katta, xotinidan ajrashgan Mamatboyga uzatishga qaror qiladi. Ammo to‘y kuni Xonzoda milliy libosda uydan qochib ketadi.
Yo‘lda uni Jaloliddin mashinasida urib yuboradi. Qizni o‘lgan deb o‘ylagan Jaloliddin qo‘rquv ichida uni mashinasining yukxonasiga solib, uyining yerto‘lasiga yashiradi. Shu kuni uning xotini Noziya farzand ko‘ra olmasligini bilib, shifoxonadan tushkun holatda qaytadi. Yerto‘ladan kelgan ingrashni eshitib, u yerda yaralangan Xonzodani topadi.
Xonzoda o‘ziga kelgach, ketishga urinadi, biroq Jaloliddin voqea politsiyaga ma’lum bo‘lishidan qo‘rqib, uni ushlab turadi. Noziya esa qizga yaqinlashib, uning homiladorligini biladi. Xonzoda bolasidan voz kechib, yangi hayot boshlash niyatida ekanini aytgach, Noziya unga taklif qiladi: bola tug‘ilgach, uni ularga qoldiradi, evaziga esa yangi hayot boshlashi uchun yetarli pul oladi.
Biroq Xonzoda er-xotinning asl rejasini tasodifan eshitib qoladi. Ular bolani olib, keyin Xonzodadan butunlay qutulishni rejalashtirishgan edi. Xonzoda o‘z hayoti uchun kurashishga qaror qiladi va er-xotinning changalidan qochib chiqadi.
Endi uning oldida yana ikki vazifa bor: uni shu ahvolga solgan vijdonsiz yigitidan qasos olish va oilasi oldiga qaytish. Xonzoda yigitni topib, undan alamini oladi. So‘ng uyiga borib, ota-onasi va akasidan kechirim so‘raydi. Avvaliga g‘azablangan akasi ham, qizining boshidan kechirganlarini eshitgan ota-onasi ham oxir-oqibat uni tushunadi.
Film yakunida Xonzoda bir vaqtlar qochib ketgan dalaga yana qaytadi. Ammo bu safar u og‘ir milliy libosda emas, o‘ziga qulay sport kiyimida. U ortda qolgan og‘riqli o‘tmishini tashlab, yangi hayot sari dadil qadam tashlaydi.
Farruh Mirzayev, Sara Mansurova, G‘ayrat Xusainov, Iqbol Oshiqov, Fotima Oripova, Shohida Usmonova, Jaxongir Xojmatov, Ziyoda Fozilova, Risola Shokirova, Begzod Nosirov, Zulfiya Pozilova, Farangiz Ahmedova, Nodira Yusupova








































































































































































































































