
Botir taksist. Kerakli manzilga yetib kelganida, mashinaga bir yigit bilan bir qiz o‘tiradi. Qizning ismi Lola. U yonidagi yigit bilan unashtirilgan. Botir orqada yigit bilan qizning urishayotganiga e’tibor beradi. Yigit qizga tegajog‘lik qilardi. Botir avvaliga yigitga qizga tegmasligini aytadi. Yigit esa Botirni ham haqorat qiladi va qiz uning unashtirilgan qizi ekanini aytadi.
Qiz mashinani to‘xtatishni so‘raydi. Botir to‘xtaydi. Qiz tushib ketayotganida, ortidan yigit ham tushadi. Uning qo‘lidan tortib, mashinaga o‘tirishini talab qiladi. Qiz qarshilik qilsa ham, uni sudrab mashina tomon olib keladi. Botirning jahli chiqadi. Mashinadan tushib, yigitga qizni qo‘yib yuborishini aytadi. Yigit Botirga musht tushiradi. Jahli chiqqan Botir yigitni urib tashlaydi. Yig‘layotgan qizni mashinaga o‘tqazib, uyiga olib borib qo‘yadi.
Botirga taksoparkdan telefon qilishadi. Uning ustidan shikoyat tushgani haqida aytishadi.
Bu vaqtda Lolaning uyida ham janjal bo‘layotgan edi. Yigit Lolaning uyini yasatish uchun olib kelgan ko‘chlarini qaytarib olib keladi. Qizning otasiga: “Qizingiz ko‘chada yuradigan ekan. Mana, meni do‘pposlab tashladi. Qizingizga uylanmayman”, — deb tuhmat qiladi. Qiz qancha o‘zini oqlamasin, otasi unga ishonmaydi.
Botir ishxonaga borib, qancha o‘zini oqlashga urinmasin, uni ishdan bo‘shatishadi. Botir o‘zini oqlash uchun qizdan yordam so‘ramoqchi bo‘ladi. Uning uyiga borsa, Lolaning otasi qizini uydan haydab chiqarayotgan bo‘ladi.
Botir qizning otasi qarshisiga chiqib:
— Kuyovingizni urgan yigit menman, — deydi.
Otaning battar jahli chiqib, qizi bilan Botirni haydaydi. Lola Botirga shapaloq tushiradi:
— Nega otamga unaqa dedingiz?
Botir:
— Men bo‘lgan voqeani aytib bermoqchi edim. Eshitmadilar-ku, — deydi.
Qiz:
— Shunaqayam dovdir bo‘lasizmi? Tushuntirib aytsangiz bo‘lmasmidi? Sizni deb meni uyimdan haydab yuborishdi, — deydi.
Botir:
— Kechirasiz-u, sizni deb men ham ishdan haydaldim. Ishxonamga borib haqiqatni aytsangiz, balki ishga qayta olishar, deb kelgandim, — deydi.
Qiz:
— Hech qachon! Battar bo‘ling! Sizni deb mana, meni uyimdan haydashdi, — deydi.
Botir:
— Men bo‘lmaganimda, o‘sha unashtirilganingiz sizni nima holga solishi mumkinligini tasavvur qilyapsizmi? Rahmat aytishning o‘rniga gapirayotgan gapingizni qarang. Yoki uning tegajog‘lik qilgani yoqayotganmidi? — deydi.
Lola yana bir shapaloq tushiradi:
— O‘tiring mashinaga, ishxonangizga olib boring! — deydi.
Botir yuzini ushlagancha hayrat bilan qarab qoladi.
Mashina yo‘lda ketyapti. Ikkovi ham jim. Botir musiqa qo‘yadi.
Qiz:
— O‘chirib qo‘ying! To‘yim buzildi, otam uyimdan haydadi. Sizning ko‘nglingizga musiqa sig‘yaptimi? — deydi.
Botir:
— Sizning to‘yingiz buzildi, meniki emas-ku. Men qiz boladan ikkita shapaloq yedim. Ashula eshitmasam, tinchlana olmayapman, — deydi.
Shu payt Botirning telefoniga qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Ukasi onasining mazasi qochganini aytadi. Botir shoshilib mashinani uyi tomon haydaydi. Lola:
— Qayerga olib ketyapsiz? To‘xtating! — desa ham, Botir quloq solmaydi.
Botir shoshilib uyiga yugurib kirib ketadi. Lola hayron bo‘lib uning ortidan kiradi. Karavotda bir ayol talvasada yotardi. Botir nima qilishini bilmay:
— Oyi, oyi! — derdi.
Ukasi esa onasining tepasida yig‘lardi.
Lola:
— Oyingiz nima kasal? — deb so‘raydi.
Botir:
— Qandli diabet, — deydi.
Lola oshxonaga shoshilib kiradi. Shakar qidirib topib, shirin choy tayyorlaydi. Ayolning boshini ko‘tarib, choy ichiradi.
Botir:
— Nima qilyapsiz? — deb so‘raydi.
Lola:
— Men shifokorman. Oyingizning qondagi qand miqdori tushib ketgan, — deydi.
Lola unga tez yordam ko‘rsatadi. Ayol asta-sekin o‘ziga keladi.
Botir:
— Rahmat sizga. Lekin iltimos, hozircha ketib qolmang. Qo‘rqib ketdim, onam o‘lib qoladilar deb o‘yladim, — deydi.
Lola:
— Oyingizni shifoxonamizga yotqizishimiz kerak. O‘zim davolayman, — deydi.
Elbek Zaripov, Shaxsanem Abdujamilova, Miravaz Solihov, Gulmira Muhammedova, Xudoyorxon Axmadxonov, Muyassar Berdiqulova, Asad Yakubov








































































































































































































































