
Iqtidorli dasturchi Jasur o‘zi ishlaydigan kompaniya rahbari Zafar Jovliyev tomonidan noqonuniy tarzda ofshor zonalarga o‘tkazilayotgan, xalqdan o‘g‘irlangan 30 million dollarlik yirik mablag‘ni to‘xtatib qoladi va uni kriptohamyonga yashirib, blokcheyn tizimiga muhrlaydi. Shu sababli Jasur va uning oilasi sirli kuchlarning nishoniga aylanadi.
Jasurning qizi Sofiyaning 7 yoshga to‘lgan kunida qizcha uyidan izsiz yo‘qoladi, xonada esa qonga o‘xshash dog‘lar qoladi. Topilgan dog‘lar aslida kimyoviy bo‘yoq ekani aniqlanib, tergovchi Berdiyev qidiruv ishlarini boshlaydi.
Shu bilan birga, Jasurning o‘zi ham sobiq mahkum Davron tomonidan o‘g‘irlab ketiladi. Davron kompaniya rahbaridan qasos olmoqchi edi. Davron va Jasur suhbat davomida aslida asosiy xavf boshqa tomondan ekanini tushunib yetishadi.
Jasur va Dildoraga eng yaqin insonlardan biri bo‘lib ko‘ringan Nozim aslida ashaddiy jinoyatchi bo‘lib chiqadi. U pul va kriptohamyon parolini qo‘lga kiritish maqsadida Sofiyani o‘g‘irlagan bo‘ladi. Nozim Dildoraga tahdid qilib, undan parolni talab qiladi.
Finalda barcha tomonlar eski binoda to‘qnashadi. Nozim Jasurdan 12 ta so‘zdan iborat maxsus kriptoparolni kiritishni talab qilib, Jasur va uning qiziga to‘pponcha o‘qtaladi. Biroq Jasur tizimni shunday sozlagan ediki, IIB xodimlari binoga bostirib kirishi bilan 12-so‘z aynan IIB serveri orqali faollashadi va 30 million dollar avtomatik tarzda davlat g‘aznasiga o‘tkaziladi.
IIB xodimlari Nozim va noqonuniy ishlarga bosh-qosh bo‘lgan kompaniya rahbari Zafar Jovliyevni qo‘lga olishadi. Davronning tergovga bergan yordami ham e’tiborga olinadi.
Film yakunida Jasur oilasi bilan bayram dasturxoni atrofida tinch-omon jam bo‘ladi. U qiziga haqiqiy parol — ularning ahil oilasi ekanini aytadi.
Husan Maqsudov, Kumush Zokirova, Timur Komilov, Shohruz Ismoilov, Abror Mallaboyev, Adham Ahmadaliyev, Kamila Alimova, Imom Miryusupov, Dildora Avazova, Ziyoda Botirova








































































































































































































































