
Gulshoda qishloqda qattiqqo‘l va zolim otasi Muxtor, beozor onasi Jamila hamda singlisi Dilshoda bilan birga ulg‘ayadi. Otasi o‘g‘il farzand ko‘rmagani uchun qizlarini doimo ayblab, ularni og‘ir mehnatga majbur qiladi. Gulshodaning eng katta orzusi esa Toshkentga borib, baland binolardan shaharni tomosha qilish edi.
Kunlardan bir kuni shaharlik yigit Anvar qishloqqa kelib, Gulshodaga ko‘ngil qo‘yadi. Ular yashirincha uchrasha boshlaydilar. Bir kuni otasi ularni ko‘rib qolib, Gulshodani qattiq jazolaydi. Sharmandalik va iztirobga chiday olmagan qiz o‘z joniga qasd qilishga urinadi, ammo singlisi uni to‘xtatib qoladi.
Kutilmaganda Anvarning otasi Muxtorning yoshlikdagi do‘sti ekani ma’lum bo‘ladi. Ikki oila kelishib, Gulshoda va Anvarning nikohi bo‘lib o‘tadi.
Gulshoda nihoyat orzu qilgan shaharga keladi. Dastlab yangi hayoti baxtli boshlangandek tuyuladi. Ammo ko‘p o‘tmay Anvarning asl qiyofasi namoyon bo‘ladi. U qo‘shnisi Sobir bilan ichkilikka berilgan, uyga kech qaytadigan va turli bahonalar bilan Gulshodaga zo‘ravonlik qiladigan erkak bo‘lib chiqadi. Gulshoda esa barcha aybni o‘zidan izlab, oilasini saqlab qolish uchun chidashda davom etadi.
Bir kuni Gulshoda homilador ekanini bilib, bu xushxabarni oilasiga quvonch bilan yetkazadi. Biroq keyinchalik tashxis noto‘g‘ri ekani aniqlanadi. Bu esa uning umidlarini yanada so‘ndiradi.
Shu orada Gulshoda qishloqdoshi Akmal bilan tasodifan uchrashib qoladi. Bu holat Anvarda asossiz rashk uyg‘otib, zo‘ravonlikning yanada kuchayishiga sabab bo‘ladi.
Voqealar Anvar mast holatda Gulshodani zinadan itarib yuborishi bilan avj nuqtasiga chiqadi. Gulshoda og‘ir ahvolda kasalxonaga tushadi. Qo‘shnilar politsiyaga xabar berishadi va Anvarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Sog‘aygan Gulshoda ota uyiga qaytadi. Bu safar otasi uni avvalgi qattiqqo‘llik bilan emas, mehr va pushaymonlik bilan kutib oladi. Onasi esa qizini bag‘riga bosadi.
Film yakunida Gulshoda Anvardan kelgan xatni o‘qimasdan yirtib tashlab, og‘riqli o‘tmishidan butunlay voz kechadi. Akmal bilan yana uchrashishi esa uning hayotida yangi va sog‘lom munosabatlar uchun umid borligini anglatadi.
“Adashgan qiz” — zo‘ravonlikka chidash muhabbat emasligi, inson o‘z qadrini yo‘qotmasligi va hayotni yangidan boshlash uchun hech qachon kech emasligi haqidagi ta’sirchan drama.
Nigina G‘ulomova, Umid Sobirov, Miravaz Solihov, Mashxura Xolmedova, Shaxrizoda Dehqonova, Hasan Habibullayev, Alisher Qurbonov, Diyora Ismoilova, Xudoyorxon Axmadxonov








































































































































































































































