
Film zamonaviy jamiyatda tez boyish ilinjida odamlarni aldash, oilaviy munosabatlar, halollik va vijdon tanlovi haqida hikoya qiladi.
Hikoya markazida — Eldor. U mulohazali, oriyatli, lekin hayot sinovlarida qiynalayotgan yigit. Ssenaristlik qilib yurgan Eldor doimiy daromad topolmaydi. Uning rafiqasi Sitora esa qaysar va orzu-havasi ko‘p ayol. Oila ijarada yashaydi, qarzlari esa kundan-kunga ko‘payib boradi. Eldor uy-joy qurilishi bilan shug‘ullanadigan xususiy kompaniyaga mobilograf sifatida ishga kiradi.
Kompaniya rahbarlari — Malika va Husan. Ular boy, kibrli va manfaatparast juftlik. Tashqi tomondan nufuzli ko‘ringan bu kompaniya aslida soxta qurilish loyihasi orqali odamlarning pullarini olib, ularni aldayotgan firibgarlar tomonidan boshqariladi. Ular qurilmagan uylarning kompyuterda yaratilgan tasvirlari orqali reklama qilib, mijozlarni ishontiradi.
Eldor ish boshlaganidan so‘ng kompaniyadagi qing‘irliklarni asta-sekin seza boshlaydi. Qurilish maydoni yo‘q, aniq manzil yo‘q, barcha ishlar faqat reklama va va’dalarga qurilgan. U oyligini ham o‘z vaqtida ololmaydi. Shu bilan birga, o‘zi yaratayotgan videolar orqali odamlarning umidi bilan o‘ynayotganini anglay boshlaydi.
Shu orada Eldorning ukasi Umid ham ushbu kompaniya qurbonlaridan biri ekani ma’lum bo‘ladi. U qishloqdagi meros uyini sotib, yangi uy olish niyatida kompaniyaga pul to‘laydi. Ammo oylar o‘tsa-da, uy qurilmaydi, pul ham qaytarilmaydi. Umid aldanganini tushunib, kompaniya ustidan shikoyat qiladi.
Voqealar keskinlashadi. Malika va Husan to‘plangan pullarni chet el hisob raqamlariga o‘tkazib, qochish rejasini tuzishadi. Ularning hatto nogiron o‘g‘li Azizga nisbatan beparvo va sovuqqon munosabatda ekani ayon bo‘ladi. Sitora esa bolaga mehr ko‘rsatadi.
Kompaniyada ishlaydigan kotiba ham vijdon azobida qolib, barcha maxfiy hujjatlarni Umidga beradi. Umid ichki ishlar organlariga murojaat qiladi. To‘plangan dalillar asosida firibgarlik fosh etiladi.
Tadbir paytida Eldor Malikaning qing‘ir ishlarini ochiqchasiga fosh qiladi. Qisqa vaqt ichida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Malika va Husan qo‘lga olinadi. Ularning mol-mulki musodara qilinib, jabrlanuvchilarga pullari qaytarilishi e’lon qilinadi.
Film yakunida Eldor muhim bir xulosaga keladi: soxta, “montaj qilingan hayot” ortidan quvish o‘rniga, halol mehnat va pok vijdon bilan yashash — eng to‘g‘ri yo‘l. U oilasi bilan yangi, halol hayot boshlashga qaror qiladi.
Surat Islomov, Zarifa G‘ofurova, Asror Hamidov, Asal Axrolxo‘jayeva, Doston Jurayev, Diyora Mustafoyeva.








































































































































































































































