
Yulduz va Malika opa-singil. Ular ota-onasidan erta ayrilgan. Deyarli hech kimi yo‘q bu qizlar og‘ir sharoitda yashaydilar. Film boshida ularni ijaraga uy bergan ayol uydan haydaydi. Yulduz yaqin dugonasining uyidan vaqtincha boshpana so‘raydi. Farida opa-singillarga vaqtincha joy beradi.
Bir kuni Farida Yulduzga: “Yaxshi bir ish bor. Bir odamning uyini tozalab qo‘yish kerak. Ertaga chet eldan qaytar ekan”, — deydi. Yulduz ishlashga rozi bo‘ladi.
Yulduz Javlonning dang‘illama hovlisiga boradi va uyni bir boshdan tozalay boshlaydi. Tongga yaqin ishlarini tugatib, charchaganidan o‘sha yerda uxlab qoladi. Ko‘zini ochib qaraganda esa qarshisida turgan Javlonni ko‘rib, qo‘rqib ketadi.
Javlon — mashhur shifokor, badavlat yigit. Shu kundan boshlab ikkalasi yaqin tanishlarga aylanadi. Javlon qizni yoqtirib qoladi. Yulduzning ham unga ko‘ngli tushadi.
Lekin Yulduzning boshida o‘simta bor edi. U buni Javlondan ham, singlisidan ham yashiradi. Vaqti kelib, hammasidan xabar topgan Javlon Yulduzni o‘zi operatsiya qilishga qaror qiladi.
Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tadi. Lekin Javlon Yulduzning uzoq yashay olmasligini sezardi. U Yulduzning so‘nggi kunlarini baxtli o‘tkazishi uchun bor mehrini unga bag‘ishlaydi. Uni xursand qilishga, ko‘nglini ko‘tarishga harakat qiladi.
Film so‘ngida Yulduz vafot etadi.
Jahongir Teshaboyev, Munisa Rajabova, Muxlisa Qahramonova, Guli O‘ktamova, Dinara Mahmudova, Sevara Namozboyeva, Yunusali Abdullayev, Doniyor Rizqiyev, Sevara Xaydarova, Laylo Najmullayeva, Yulduz Jo‘raqulova.








































































































































































































































