
Sarvinoz va Murod bog‘da bo‘lajak to‘ylari haqida gaplashib o‘tirganida, qizning telefoni jiringlaydi. Onasi undan tezda uyga yetib kelishini so‘raydi. Ma’lum bo‘lishicha, Sarvinozning obro‘li amaldor bo‘lgan otasi pora bilan qo‘lga tushgan. Tekshiruv davomida uning ish faoliyatida kamomad ham aniqlanadi. Kamomadni qoplash va uni qamoqdan saqlab qolish uchun oila uy-joyi va mashinasini sotishga majbur bo‘ladi.
Bu voqeani eshitgan bo‘lajak qudalar to‘yga yetti kun qolganida uni bekor qilishadi. Sarvinozning zimmasiga ota-onasini boqish tashvishi tushadi. Qo‘lida hunari va diplomi bo‘lmagani uchun restoranda ofitsiant bo‘lib ishlay boshlaydi. Unga bir necha yigit oila qurishni taklif qiladi, ammo Sarvinozning ko‘ngli hamon Murodda edi.
Kunlarning birida u dabdabali to‘yda xizmat qilayotganida kuyov Murod ekanini ko‘radi. Murod tezroq boyish va katta mavqega erishish ilinjida badavlat oilaning qiziga uylanayotgan edi. Sarvinoz uyiga yig‘lab qaytib, bo‘lgan voqealarni ota-onasiga aytadi va boshiga tushgan kulfatlarda otasini ayblaydi. Bu gaplarni ko‘tara olmagan otasi yurak xurujidan vafot etadi. Uning ma’rakasiga bir paytlar atrofida yurgan obro‘li va boy tanishlaridan hech kim kelmaydi. Faqat qishloqdagi eski qadrdonlari yonida bo‘lishadi.
Oradan vaqt o‘tib, otasining tanishi Aqrab Sarvinozni ikkinchi xotin qilib olishni taklif qiladi. Qashshoqlikdan charchagan Sarvinoz avvaliga bunga rozi bo‘lmoqchi bo‘ladi. Ammo onasi qizining bunday hayotga rozi bo‘lishini ko‘tara olmaydi. Onasining iztirobini ko‘rgan Sarvinoz bu qaroridan qaytadi.
Keyinchalik Murod yana Sarvinozni izlab kelib, xotinidan ajrashguniga qadar yashirincha birga bo‘lib turishni taklif qiladi. Sarvinoz uning bu taklifini qat’iyan rad etadi. Murod esa uni kambag‘alligi bilan kamsitadi.
Bir kuni Sarvinoz avtobus bekatida sinfdoshi E’zozani uchratib qoladi. E’zoza unga o‘qishni, bilim olishni tavsiya qiladi. Sarvinoz qashshoqlikdan chiqishning eng to‘g‘ri yo‘li ilm va mehnat ekanini anglaydi. Kunduzi ishlab, kechalari tinimsiz o‘qiydi. Onasi ham uni qo‘llab-quvvatlaydi.
5 yil o‘tib...
Murodning noto‘g‘ri qarorlari sabab uning qaynotasi biznesi bankrotlik yoqasiga kelib qoladi. Ular kompaniyani qutqarish uchun xorijiy investor kelishini kutishadi. Ularning so‘nggi umidi aynan shu investorning sarmoyasiga bog‘liq edi.
Kutilmaganda, investor — Sarvinoz bo‘lib chiqadi.
Film ilm, halol mehnat va o‘z kuchiga ishonch orqali inson eng og‘ir vaziyatdan ham chiqib, o‘z maqsadiga erisha olishini hikoya qiladi.
Gulruhsor Tohirjonova, Ziyoda Ro‘ziqulova, Tolib Mo‘minov, Asror Hamidov, Timur Komilov, Gulilola Majidova, Zilola Quvvatova, Muslim Nuraliyev, Laziza Azimova








































































































































































































































