
Chekka qishloq, qishloq bo‘ylab yor-yor (kelin kelgan xonadonda aytiladigan milliy qo‘shiq) sadolari eshitilib turibdi. To‘y bo‘lgan xonadon hovlisida bir nechta erkak va ayollar to‘y zo‘r o‘tganligi haqida xursand gaplashib, handon otib kulishib turishibdi. Chimildiq tortilgan xonada Rahim (27 yosh) yuzlariga oppoq ro‘mol tashlangan kelin Umida (22 yosh)ning yuzidagi ro‘molini sekin ochadi. Umidaning oppoq, go‘zal jamoliga uzoq termulib turadi. Umidaning yanoqlari qizarib ketgan, u boshini sekin ko‘tarib, Rahimga jilmayib qaraydi. Umidaga tabassum bilan qarab turgan Rahimning yuzidagi tabassum yo‘qoladi. Rahim birdan orqaga tisariladi, bir Umidaga, bir butun xona bo‘ylab ko‘zlari alanglaydi va chuqur-chuqur nafas ola boshlaydi.
Rahimning telbalarcha qilayotgan harakatlariga Umida hayron bo‘lib qarab o‘tiribdi. Rahim yo‘q degan ishora bilan boshini chayqatadi, yonida turgan oq matoni qo‘liga g‘ijimlab oladi va eshik tomonga tisarilib yugurib, xonadan chiqib ketadi. Eshik oldida turgan yangalar qo‘rqib ketishadi va darvoza tomon yugurib ketayotgan Rahimning ortidan hayron qarab, bir-birlari bilan shivirlashib qolishadi.
Rahim qishloqning qorong‘u va tor ko‘chalari bo‘ylab to‘xtamasdan yugurgancha qishloqdan uzoqlashadi. Toshib-jo‘shib oqayotgan katta kanal ustidan o‘tgan eski, uzun ko‘prik bo‘ylab tez-tez yurib, ko‘prikning o‘rtasiga kelib to‘xtab qoladi. Rahim oy nuri yoritib turgan suvga qarab turarkan, ko‘zlarida qahr-g‘azab kuchayib boradi va qaltirab turgan qo‘llari bilan ko‘prik panjarasini mahkam ushlaydi.
“Yo‘q!” deb dod solib baqiradi, qo‘l-oyog‘i qaltiragancha ko‘prik panjarasiga suyanib, qo‘lidagi oq matoni mahkam g‘ijimlab ushlagancha o‘tirib qoladi va osmonda yulduzlarga termulgancha o‘yga cho‘mib qoladi.
Ekranda film nomi paydo bo‘ladi.
To‘ydan 3–4 oy oldin, hovli so‘risida Rahimning otasi Mahmud aka (55 yosh), onasi Manzura opa (50 yosh), singlisi Dilbar (18 yosh) va ketish uchun tayyor kiyinib, yoniga ryukzakini tayyorlab qo‘ygan Rahim nonushta qilib, suhbatlashib o‘tirishibdi. Ota-onasi har doimgidek unga tezroq uylanishi kerakligi haqida gapiryapti.
Rahim ota-onasiga, birinchidan, yaqinda o‘qishni bitirganini, ishlarini joyiga qo‘yib olishi kerakligini va qolaversa, ko‘z ostiga olib qo‘ygani yo‘qligini aytadi. Bu gapdan keyin onasi o‘zi yaxshi kelin topishini va Rahimga yoqsa, tezda to‘y qilishini aytadi. Otasining ham qat’iy qistovlaridan keyin rozilik bildiradi va ularning duosini olib, ryukzakini yelkasiga ilgancha darvozadan chiqib ketadi…
Shundan keyin oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan onasi Rahimga qo‘shni qishloqdan chiroyli, oqila bir qiz, ya’ni Umidani topadi. Rahim qiz bilan uchrashadi, qiz ham unga ma’qul keladi va to‘y harakatlari tezlashib ketadi. Rahim esa doimgidek poytaxtda ishlarini davom ettiradi.
To‘yga bir oy qolganda Rahimning uylanayotganini eshitgan sinfdosh do‘stlari biron joyda yig‘ilishib o‘tirishni va buni nishonlashni aytib, Rahimni ham ziyofatga chaqiradi. 5–6 ta do‘stlari yig‘ilib, dachaga chiqishadi. Rahim o‘shandan bir kun avval Umida bilan ZAGS va tibbiy tekshiruvlardan o‘tib qaytgan edi.
O‘yin-kulgi va bazm avjiga chiqadi, orada hammasi spirtli ichimliklar iste’mol qilishni boshlashadi. Rahim avvaliga ichmasligini aytadi, ammo do‘stlari majburlab ichirishadi.
Kayfu-safo oshib boradi. Shu payt 2-qavat zinadan kelishgan qomatli, ammo Rahimning nazarida chehrasi yoqimsizgina, 30 yoshlar atrofidagi juvon tushib keladi. Rahim bu kimligini so‘raydi. Do‘sti Asror unga to‘ydan oldin sinab ko‘rish uchun atay sovg‘a qilib olib kelinganini aytishadi.
Rahim buni rad etadi, ammo Sodiq va boshqa do‘stlari uni majburlashadi. “Erkakmisan sen?” degan shaxsiyatiga tegadigan so‘zlar bilan mazax qilishgandan keyin, oxiri Rahim roziligini bildirib, zinadan sekin 2-etajga chiqib ketadi. Ortidan do‘stlari bir-biriga ko‘z qisib, xandon otib kulib qolishadi…
To‘yga bir hafta qolgan. Kelin liboslari salonida Rahim va Umida kulib, xursand bo‘lib ko‘ylaklarni ko‘rib yurishibdi. Shu payt Rahimga qo‘ng‘iroq bo‘lib qoladi, chetga chiqib gaplashadi.
Telefonda ziyofatda ular bilan birga bo‘lgan do‘sti Sodiq o‘sha ziyofatga olib kelingan juvon OITS bilan kasallanganlar ro‘yxatida turishini bilib qolganini aytadi. Bu xabarni eshitgan Rahimni qo‘rquv bosib, atrofga alanglay boshlaydi. Ichkariga salon sotuvchisi chaqiradi, u tez-tez yurib ichkariga kiradi.
Ichkarida oyna oldida Umida oppoq libos kiyib olgan, yuzida tabassum bilan Rahimga qaraydi. Rahim ham unga zo‘rg‘a tabassum qiladi. Rahim o‘sha ko‘ylakka to‘lov qilib, uyga ketishini aytadi, Umida hayron qoladi. Rahim to‘lov qilguncha Umida kiyimlarini almashtirib chiqadi va ular ketadi…
Rahim uyiga kelib, kelin-kuyov uchun bezatilgan xonaga kiradi va oynada o‘zining oqarib ketgan yuziga, titroq bosgan ko‘zlariga qarab qoladi. Shu payt telefoni jiringlaydi. Qarasa, Umida qilyapti. Yanada qattiq xavotirga tushadi va telefonni ko‘tarmaydi va xayolida nimanidir reja qilib, xonadan chiqib ketadi.
Shom payti Sodiqning darvozasi qattiq taqillaydi. U borib ochsa, Rahim hansiragancha turardi. Sodiq uning holatini ko‘rib qo‘rqib ketadi va uni uyiga olib kiradi. Sodiq va Rahim bu kasallik haqida ancha uzoq gaplashishadi.
Rahim Sodiqdan u ayol kasalligini qayerdan bilganini so‘raydi. U ayolni dugonasidan eshitganini va avvalo tekshirtirib ko‘rish kerakligini aytadi. Rahim o‘sha yo‘ldan qasdini olishini aytadi, ammo Sodiq uni tinchlantirib, bu haqda hech kimga aytmaslikni, aytsa, butun qishloqqa sharmanda bo‘lib, hatto to‘yi buzilib ketishini va unga keyin hech kim qizini bermasligini aytib qo‘rqitib qo‘yadi…
Shu alfozda kunlar o‘tadi. Rahimning uyida to‘yga tayyorgarliklar avjida, ayniqsa, onasi Manzura opa xursandligidan tinim bilmasdan yugurib, to‘y tashvishlarida eri Mahmud akadan orqada qolmasdan mehnat qilardi.
Rahim esa ichidagi bu sirni ota-onasiga aytmoqchi bo‘lib ancha harakat qiladi, ammo jasorat topolmaydi. Endi aytaman deb so‘z boshlaganda, to‘y yumushlarini yelkasiga ilib qo‘yishadi va shular bilan chalg‘ib ketadi. Ammo qo‘ni-qo‘shni va qarindosh-urug‘larni har ko‘rganda to‘y bilan tabriklashi va hol so‘rashi uning ichidagi dardni yanada qattiq tirnab o‘tardi.
To‘yga ikki kun qolganda yarim tunda jasorat topib, hammasini aytish uchun Umida bilan ko‘rishgani boradi. Yonida ko‘zlariga qaray olmay, jim o‘tirgan Rahimning o‘zgarib qolgani, tushkunligini sezib, xavotirlanib avval Umida hol-ahvol so‘raydi.
Ammo Rahim bir tomondan shunday go‘zal va oqila qizni yo‘qotib qo‘yishdan, ikkinchi tomondan unga nisbatan adolatsizlik qilayotganini o‘ylab, ich-etini kemiradi. Uchrashuv sukunatda o‘tadi va Rahim bir so‘z deyolmasdan ortiga qaytib ketadi.
Nihoyat, kutilgan to‘y kuni ham keladi va Rahim kuyov sarposida, yonida farishtadek kelinni ota uyidan olib chiqarkan, hovlida kelinning otasi oq fotiha beradi va yig‘ilganlar ularni duo qilib, baxt tilashadi.
Kelinning ota-onasi ham qizlari bilan quchoqlashib xayrlashishadi. Kelinning otasi Rahimni quchib, baxt tilaydi, keyin Rahimga yoshli ko‘zlari bilan tikilgancha, yakkayu yagona qizini unga omonat topshirayotganini, xafa qilmasligini va uni baxtli qilishini so‘raydi.
Qaynotasining gaplari uning ichida titroq uyg‘otadi, qo‘rqay boshlaydi va ko‘zlarini qaynotasidan olib qochadi.
(Rahimning mana shu holatidan hozirgi paytga qaytiladi.)
Flashback tugadi.
Rahim o‘tgan kunlari xotiralari ta’sirida ko‘zlari alamli yoshlanib, qo‘llarida titroq bilan ko‘prikning qiyshiq panjaralariga suyanib, tor ko‘prikni to‘ldirib o‘tiribdi. Undagi aybdorlik hissi ruhini yengib borardi.
U shu vajohatda o‘rnidan turadi va panjaraga qo‘llarida qaltiroq bilan suyanib, qorong‘uda shovqinlanib oqayotgan suvga qaraydi. Suvga qarab turarkan, o‘zini suvga tashlashga chog‘lanadi. Panjarani mahkam ushlab turgan panjalarini qo‘yib yuboradi, qo‘lidagi oq mato suvga tushib, oqib ketadi…
Kadr chimildiqda yolg‘iz, hasratda qolgan Umidaga qaytadi. Umida bir o‘zi, ming xayollar og‘ushida o‘tirardi. Eshik ochiladi va u shu zahoti eshikka qaraydi. Avvaliga hayron bo‘ladi, keyin sekin yuzida nim tabassum paydo bo‘ladi.
Rahim sekin kelib, uning qarshisiga o‘tiradi. Umidaning ko‘zidan sizib chiqqan yoshni barmog‘i bilan sekin artib qo‘yadi va ko‘zlariga uzoq termulib qoladi. Umida boshini egib o‘tirardi. Rahim uning boshini tik ko‘taradi va unga bir haqiqatni ochiq aytishi kerakligini aytadi.
Rahim sekin gap boshlarkan, avvaliga hayotida hech qachon yomon yo‘lda yurmaganini va bir marta, bir umr tuzatib bo‘lmas xatoga qadam bosganini aytib jim qoladi.
Rahim bir muddat o‘zini tinchlantirib olib, yana so‘zida davom etadi va boshidan o‘tganlarni, kasalni yuqtirib olgan bo‘lishi mumkinligini, ammo haqiqatni bilishdan, qolaversa, u bilan yolg‘on ustida hayot qurishni xohlamayotganini birma-bir aytadi.
Umida bor haqiqatni eshitib, Rahimning afsus to‘la ko‘zlariga uzoq termulib qoladi va ich-ichidan nafratini bosib, to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘ylardi.
Umida unga qarab:
— Afsus, butun umrim davomida bir marta beriladigan baxtimni sizdek nopok inson bilan tasavvur qilolmay qoldim. Xayr! — deya qo‘lidagi nikoh uzugini Rahimning qo‘liga tutqazib, chiqib ketadi.
Tashqarida yomg‘ir yog‘a boshlaydi. Rahim hovli o‘rtasiga chiqadi, osmonga qarab yerga cho‘kkalab o‘tirib qoladi.
Muhammadali Aliyev, Diyora Mustafoyeva, Baxtiyor Musayev, Masuda Otajonova, Dilmurod Uzoqov, Xondamir Niyozov, Maryam Xamzayeva, Jamoliddin Toshpo‘latov, Sitora Otaqulova, Doston Rustamjonov, Begzod Zulfiqorov, Otabek Ashirbayev, Rayyona Imomova, Arushanyan Arnela, Ozoda Maxmudova, Xurshida Yo‘ldasheva, Akbar Yusupov, Shahzoda Usmonova








































































































































































































































