
IIB xodimlari jinoyat joyiga kelishganida, ayol qo‘lida pichoq ushlab, jasadning tepasida turardi. U titrar va tinmay bir gapni takrorlardi:
— Men erimning qotiliman!
Tergov boshlanadi. Ayolni malomat qilib, dastlab qaynonasi va qaynotasi kelishadi. Ular tergovchiga kelinini yomonlashadi.
— Kelinim yengiltabiat edi, jazmani bor edi. Shuning uchun o‘g‘limni o‘ldirgan, — deydi qaynonasi.
Ular o‘g‘lining esa xotinini boshiga ko‘tarib yashaganini aytishadi.
Tergovchi marhum erkakning do‘stlari va qo‘shnilaridan surishtira boshlaydi. Hamma har xil gapiradi. Hujjatlar esa erkakning uch marta uylanganini va bu uning uchinchi turmushi ekanini ko‘rsatadi.
Shundan keyin tergovchi uning sobiq xotinlari bilan uchrashadi. Ular erkakning ichkilik va maishatga ruju qo‘yganini, ayollarga o‘ch, johil va vahshiy bo‘lganini aytishadi. Oilalarining buzilishiga qaynonasi va xiyonat sabab bo‘lganini ham gapirib berishadi.
Tergovchi ayol erini nima uchun o‘ldirganini sira tushunolmasdi. Ayol esa faqat bir gapni takrorlardi:
— Erimni men o‘ldirdim. Uni yomon ko‘raman! Tamom.
Undan boshqa gap olib bo‘lmasdi. Dalillar esa qotil boshqa odam ekanini ko‘rsatardi. Chunki qotillik sodir bo‘lgan xonadan dastro‘mol topiladi. Bundan tashqari, ayolnikidan boshqa oyoq izlari ham bor edi. Qotillik sodir bo‘lgan paytda xonada uch kishi bo‘lgani aniqlanadi. Qolaversa, jasaddan boshqa odamga tegishli barmoq izlari ham topiladi.
Xullas, ayol tergovchini chalg‘itayotgan edi. Unda haqiqiy qotil kim? Nega marhumning tanasidan begona barmoq izlari topildi? Savollar ko‘p edi. Ammo...
Shundan so‘ng tergovchi haqiqiy qotilni topishga ahd qiladi. U shunchaki ayolning «Men qotilman», degan gapiga ko‘z yumib, ishni yopishni istamaydi. Bu yerda boshqa gap bor, deb o‘ylaydi.
Tergovchi ayolning onasi bilan uchrashadi. Keksa ona tinmay yig‘lab, qizining o‘sha xonadonda xo‘rlanganini gapirib beradi. Onaning aytishicha, qizining avvalgi turmushi o‘xshamay, ajrashgan. Birinchi turmushidan 16 yoshli o‘g‘li va 15 yoshli qizi bor. Ammo yangi eri nikohdan keyin uning bolalarini qabul qilmagan. Avvaliga osmon-osmon va’dalar bergan bo‘lsa-da, keyinchalik hammasi aksincha bo‘lgan.
— Turmushdan keyin qizim uch marta homilador bo‘ldi, ammo homilasini eri urib tushirdi, — deya yig‘laydi ona.
Tergovchi ayolning bolalari bilan uchrashishni istaydi. Ammo keksa ona bolalar qishloqqa, xolasinikiga ketganini aytib, tergovchini chalg‘itishga urinadi.
Tergovchi baribir bolalarning oldiga boradi va ular bilan suhbatlashadi. O‘sha mudhish voqeadan keyin ayolning qizi gapira olmay qolgan edi. O‘g‘li esa sir boy bermaydi. Tergovchi har qancha urinmasin, bolalarni gapirtira olmaydi.
Keyin ularga jinoyat joyidan topilgan dastro‘molni ko‘rsatadi.
— Bu meniki edi, — deydi o‘g‘il.
Shunda kalavaning uchi topilgandek bo‘ladi. Xonadagi oyoq izlari ham o‘sha kuni o‘g‘il va qiz jinoyat joyida bo‘lganini ko‘rsatardi. Bolalar esa hamon tan olishmasdi.
Tergovchi ularga:
— Onangizning uzoq muddatga qamalishini istamasangiz, bor haqiqatni aytib beringlar, — deydi.
O‘smir bola yig‘lab yuboradi va o‘sha kuni telefoniga yozib olgan videoyozuvni ko‘rsatadi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni bolalar onasini ko‘rgani borishgan. Sababi ayol eridan kaltak yeb, og‘ir ahvolda qolgan, homilasi nobud bo‘lgan va uyida yotgan edi.
Kutilmaganda safarga ketganini aytgan eri mast-alast holda uyga qaytib keladi. Buning ustiga, qaynonasi ham to‘yga ketgan edi. O‘gay bolalarini ko‘rib jahli chiqqan erkak xotiniga baqira boshlaydi. Ayol esa bolalariga:
— Narigi xonaga chiqib turinglar, — deydi.
Bolalar chiqib ketishadi. Ammo eshik qiya ochiq qoladi. Eshik ortidan mo‘ralab turgan bolalar o‘gay otasining onasiga qilayotgan muomalasini videoga ola boshlashadi.
Buni ko‘rgan erkak ayoliga pichoq o‘qtaladi. Qizaloq yugurib borib, onasini qutqarmoqchi bo‘ladi. U onasining peshonasidan oqayotgan qonni ko‘rib qo‘rqib ketadi. O‘gay ota qizchani itarib yuboradi.
O‘g‘il esa telefonni videoyozuvdan o‘chirmay, shkafga qo‘yib qo‘yadi-da, shoshgancha o‘gay otasining qo‘liga yopishadi va pichoqni tortib olmoqchi bo‘ladi.
Shunda o‘gay ota bolaga pichoq sanchmoqchi bo‘ladi. Ayol yotgan joyidan jon holatda turib, o‘g‘lini qutqaradi. Kurash paytida pichoq tig‘i yuqoriga qaragan holda bir joyga qadalib qoladi.
Shu payt erkak ayolni bo‘g‘a boshlaydi. Ayolning nafasi xirillab qolganida, o‘g‘il kelib o‘gay otasini itarib yuboradi. Erkak yiqiladi va bir zumda hamma yoq qonga belanadi. Chunki u tig‘i yuqoriga qarab turgan pichoq ustiga yiqilgan edi.
Qo‘rqib ketgan ona bolalarini jinoyat joyidan qochirib yuboradi va ularni himoya qilish uchun qotillikni o‘z bo‘yniga oladi.
Tergovchi voqeaning asl holatini videoyozuv orqali ko‘rib, haqiqatni aniqlaydi. Sud jarayonida esa ushbu holatlar va ayolning farzandlarini himoya qilish maqsadida jinoyatni o‘z bo‘yniga olgani inobatga olinishi so‘raladi.
Bobur Aytmagambetov, Feruza Mustayeva, Farida Umarova, Ahror Alijonov, Oygul Abdurahmonova, Nargiza Rahimova, Sardor Nurmurodov, Zahro Mamataliyeva, Odilbek Hamidullayev, Malika Sobirjonova, Shahzod Boymurodov, Munisa Jo‘rayeva, Gulnoza Shoabdiyeva, Hasan Jumayev, Azizjon Jumayev








































































































































































































































