
Yoshligidan juda sodda va tortinchoq xarakterga ega Inoyat opaning turmushi ham o‘xshamay, yolg‘iz o‘g‘li bilan ota-onasining uyiga qaytib keladi va qayta turmushga chiqmaydi. Doimo Xadicha onaning qarovi va nazorati ostida umr kechirgan Inoyat opa onasining vafotidan so‘ng o‘zini yolg‘iz his qilib qoladi. Ancha vaqt uydan ko‘chaga chiqmay, xonasiga qamalib oladi.
Qaynonasining bu holati, qaysarligi va erkaliklari kelini Niginaga yoqmaydi. Nigina: “Yangi kelin bo‘lgan kunimdan shu kungacha qari kampirga qaraganim yetmagandek, endi seniki ortiqcha edi”, — degan xayolga boradi. U qariyalar bilan bog‘liq tashkilotda ishlaydigan dugonalari bilan bog‘lanib, qaynonasini qariyalar uyiga joylashtirishga harakat qila boshlaydi.
Avvaliga eri bunga ko‘nmaydi. Ammo “xotin yoki ona” tanlovi oldida qolgan Bobur oxir-oqibat xotinining gapiga rozi bo‘ladi. Faqat bu haqda onasiga o‘zi aytmasligini bildiradi. Nigina esa qolganini o‘zi hal qilishini aytadi.
Bir kuni Inoyat opa nevaralari bilan hovlida o‘ynab o‘tirganida, Nigina bolalarini urishib, uy ichiga kiritib yuboradi. Inoyat opani esa xonasiga olib kirib, qariyalar uyiga ketishga tayyorgarlik ko‘rishini aytadi. Inoyat opa ota uyidan faqat o‘ligi chiqishini, ammo o‘zi hech qayerga ketmasligini aytib, Niginani xonadan chiqarib yuboradi.
Bundan jahli chiqqan Nigina qaynonasiga nisbatan yomon munosabatda bo‘lib, janjallarni ko‘paytiradi. Ertalab ishga ketib, kech qaytadigan Bobur esa onasidan deyarli xabar olmaydi. Bir kuni Inoyat opa yarim kechagacha o‘g‘lining kelishini kutib, kelinining unga qilayotgan yomonliklarini aytib beradi. Ammo Bobur onasiga ishonmaydi. Ularning suhbatini yashirincha eshitib turgan Nigina bundan juda xursand bo‘ladi va kundan-kunga Inoyat opaga nisbatan yanada qo‘pol munosabatda bo‘la boshlaydi.
Kelinning qilmishlaridan jonidan to‘ygan Inoyat opa marhuma onasidan qolgan eski, muddati o‘tgan dorilarni ko‘p miqdorda ichib, o‘zini zaharlay boshlaydi. Oradan bir-ikki kun o‘tib, uning ahvoli og‘irlashadi va xonasida hushidan ketib qoladi. Ammo kelini undan xabar olmaydi.
Shu payt uyga to‘satdan kelib qolgan ukasi Zohid opasini topib, zudlik bilan shifoxonaga olib boradi. Shifokorlar Inoyat opaning ahvoli juda og‘irligini aytishadi. Zohid esa opasini davolatish uchun qancha xarajat bo‘lsa ham ko‘tarishini bildiradi. Shifokorlar zarur muolajalarni boshlashadi.
Oradan kunlar o‘tadi, ammo Inoyat opaning ahvolidan xabar olish uchun na o‘g‘li, na kelini keladi. Inoyat opa hushiga kelgan kuni tunda Niginaning katta farzandining ham mazasi qochib, uni shifoxonaga olib kelishadi. Bolada buyrak yetishmovchiligi aniqlanadi. Shifokorlar tezda donor topilmasa, uning hayoti xavf ostida qolishini aytishadi.
Buni eshitgan Inoyat opa hech ikkilanmay nevarasiga bitta buyragini berishga qaror qiladi. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tib, buvi va nevaraning hayoti saqlab qolinadi.
Qilgan qilmishlari va ularning oqibatlarini anglab yetgan Nigina qattiq pushaymon bo‘ladi. U qaynonasidan va oila a’zolaridan kechirim so‘raydi. Inoyat opaning mehr-muhabbati oilani yana birlashtiradi va film baxtli yakun topadi.
Yulduz Qoraboyeva, Ra’no Shomirzayeva, Latofat Rahmatullayeva, Dilfuza Abduqodirova, Zilola Haqberdiyeva, Noila Toshkenboyeva, Sardor Karimov, Nasiba Abdullayeva, Mahbuba Shermurodova, Shahboz Aliyev, Muhammadyusuf Abdusamatov, Abdulloh Nazarov, Otabek Sharipov, Mahina Tojiboyeva, Sadiya Faxriddinova, Feruza Hakimova, Nargiza Shermatova.








































































































































































































































