
Universitetni tamomlash arafasidagi Nazokat — odobli, ilmli va orzulari katta qishloq qizi. U shaharda o‘qib yurgan kezlarida Farrux ismli yigitni sevib qoladi. Biroq ularning sevgisi ikki xil dunyo — zamonaviy qarashlar va milliy qadriyatlar o‘rtasidagi ziddiyatga duch keladi. Nazokat ota-onasining roziligisiz baxt qurishni tasavvur qila olmaydi, Farrux esa sevgi yo‘lida barcha urf-odatlarni chetga surishga undaydi.
Qishloqqa qaytgan Nazokat ota-onasi uni munosib yigit — shifokor Abbosga unashtirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini bilib qoladi. Sevgi va ota-ona ishonchi orasida qolgan qiz Farruxning gaplariga ishonib, oilasini aldab yana Toshkentga qaytadi. Farrux unga yangi hayot, ish va baxtli kelajak va’da qiladi. Ammo bu qaror Nazokat hayotidagi eng og‘ir sinovlarning boshlanishiga aylanadi.
Ishonch va muhabbat niqobi ostida qilingan bitta noto‘g‘ri qadam oqibatida Nazokat homilador bo‘lib qoladi. Uning oilasi bu haqiqatni boshqalardan eshitadi. Ota-onasining or-nomusi toptaladi, unashtiruv buziladi, otasi insultga uchraydi, singillarining ta’lim olish orzulari ham xavf ostida qoladi. O‘zini aybdor his qilgan Nazokat pushaymonlik, iztirob va umidsizlik girdobiga tushadi.
Hayotining eng og‘ir damlarida u ota-onasining cheksiz mehrini, ularga bergan azobini va haqiqiy baxt yolg‘on, aldov hamda ota-onaning roziligisiz qurilmasligini anglaydi. Bir lahzalik hissiyot ortidan ketish insonni nafaqat o‘z orzularidan, balki eng aziz insonlaridan ham ayirishi mumkinligini tushunadi.
Film yoshlarni hayotdagi muhim qarorlarni hissiyot bilan emas, aql va mas’uliyat bilan qabul qilishga, ota-onaning duosi va ishonchi inson baxtining eng mustahkam poydevori ekanini anglashga chorlaydi.
“Nomus va sinov” — inson taqdirini butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan birgina noto‘g‘ri qadam haqida ta’sirchan ijtimoiy drama.
Munisa Rajabova, Javohir Abdullayev, Aziz Latipov, Ma’rifat Ortiqova, Madina Begimjonova, Sarvinoz Soyibova, Vazira Yunusova, Xurshida Farmonova, Laylo Najibullayeva, Fayoz Hamroyev, Shaxlo Hojiyeva, Mo‘mina Naimova.








































































































































































































































