
Murod mashinasida ketayotganida kutilmaganda yo‘lga bir ayol yugurib chiqadi. U zo‘rg‘a tormoz bosib, mashinani to‘xtatishga ulguradi. Qo‘rquvdan ko‘zlarini yumib qolgan ayolning kipriklari nam, yuzlari sovuqdan qizargan, ko‘z atroflarida esa ko‘karish izlari bor edi. Murod undan ehtiyot bo‘lishini so‘raydi. Ayol uzr aytib, shoshilgancha ketadi. Ammo uning siymosi Murodning xayolidan chiqmay qoladi.
Murod ota-onasi bilan yashaydi. U sudya bo‘lib ishlaydi. Ota-onasi uning tezroq oila qurishini istaydi. Ayniqsa, otasi Murodga juda yaqin — ular bir-biriga sirdosh va dardkash. Biroq Murod hali otasi aslida uning o‘gay otasi ekanini bilmaydi.
Kunlarning birida Murod navbatdagi ajrim ishini ko‘rib chiqish uchun sud zaliga kiradi va yo‘lda uchratgan o‘sha ayolni ko‘radi. Uning ismi Zulxumor edi. U bir nafar farzandi bilan eridan ajrashayotgan edi.
Sud jarayonida Zulxumorning eri va qaynonasi uni turli bo‘htonlar bilan haqorat qilishadi. Eri mol-mulkidan ulush bermaslikka urinadi. Alamzada Zulxumor esa undan hech narsa, hatto aliment ham talab qilmasligini aytadi. Eri bundan foydalanib, farzandiga aliment to‘lashdan ham bosh tortishga urinadi. Zulxumor esa o‘g‘lini yetaklab, sud zalidan g‘urur bilan chiqib ketadi.
Murod uning taqdiriga befarq qaray olmaydi. Hujjatlardagi telefon raqami orqali Zulxumor bilan bog‘lanib, alimentdan voz kechmasligini va zarur bo‘lsa, huquqiy masalalarda yordam berishini aytadi. Zulxumor esa ortiqcha gaplashmay, telefonni o‘chiradi.
Oradan vaqt o‘tib, Murodga o‘ziga tegishli uyga yangi ijarachi topilgani haqida xabar berishadi. U uyga borganida ijarachi Zulxumor va uning o‘g‘li ekanini ko‘rib hayratda qoladi. Murod ularga ortiqcha shart qo‘ymay, shu yerda yashashlariga ruxsat beradi.
Zulxumor hamshira bo‘lib ishlaydi. U Murodga faqat ijara pulini berish uchun qo‘ng‘iroq qiladi. Ularning munosabatlari uzoq vaqt oddiy ijarachi va uy egasi munosabatidan nariga o‘tmaydi.
Bir kuni qo‘shnisi Murodga qo‘ng‘iroq qilib, uyda janjal bo‘layotganini aytadi. Murod shoshilib yetib borsa, Zulxumorning sobiq eri mast holda kelib, janjal ko‘tarayotgan bo‘ladi. U Murodning ko‘z o‘ngida Zulxumorni uradi. Bunga chiday olmagan Murod erkak bilan mushtlashib ketadi.
Sobiq er vaziyatdan foydalanib, Murodni pul bilan qo‘rqitishga va Zulxumorga tuhmat qilishga urinadi. Zulxumor esa o‘zini aybdor his qilib, Murodning uyidan ketmoqchi bo‘ladi. Ammo Murod bunga yo‘l qo‘ymaydi: Zulxumor va uning farzandi shu yerda yashashda davom etishini qat’iy aytadi.
Bu orada Murodning onasi unga turli qizlarni tanishtira boshlaydi. Ammo biri alohida yashashni, boshqasi katta mahrni, yana biri esa blogerlik faoliyati uchun Murodning doimiy ravishda videolarda ko‘rinishini talab qiladi. Murod ularning hech biriga ko‘ngil qo‘ya olmaydi.
Kunlarning birida Murodning onasi betob bo‘lib qoladi. Shifokorlar unga ukol va tomchi dorilar buyurishadi. Murod Zulxumordan ota-onasining uyiga kelib, onasiga muolajalarni qilib turishini so‘raydi. Zulxumor rozi bo‘ladi.
Shu tariqa Zulxumor Murodning oilasiga tobora yaqinlashadi. Murodning onasi ham uni yoqtirib qoladi. Zulxumorning o‘g‘li esa Murodga mehr qo‘yib, unga xuddi otasidek erkalanadi. Murod ham bolani o‘ziga yaqin olib, unga o‘yinchoqlar sovg‘a qila boshlaydi.
Ammo Murodning onasi Zulxumorni boshqa bir qarindosh yigitga munosib ko‘rib, sovchilik qilishni rejalashtiradi. Bu gapni eshitgan Murodning jahli chiqadi, lekin nega qarshi ekanini ochiq ayta olmaydi.
Zulxumorni uchrashuvga ko‘ndirishadi. Murod esa o‘z hislarini yashira olmay, uchrashuv kuni uning oldiga boradi va: “Iltimos, uchrashuvga chiqmang”, deydi. Zulxumor javob bera olmaydi. Ammo uchrashuvga ham bormaydi.
Shundan so‘ng Murod uning eshigi oldiga qip-qizil atirgullar va o‘g‘li uchun o‘yinchoq mashina qoldiradi. Derazadan qaragan Zulxumor uzoqda turgan Murodni ko‘radi. O‘g‘li unga qo‘l silkitadi, Murod ham javoban qo‘l silkitib ketadi.
Murod nihoyat onasiga Zulxumorni sevib qolganini aytadi. Ammo onasi uning ajrashgan va farzandli ayolga uylanishiga keskin qarshi chiqadi.
Murod esa o‘z qarorida qat’iy turadi. Zulxumorning aybi noto‘g‘ri insonga turmushga chiqqanidami? Ajrashgan ayol baxtli bo‘lishga haqli emasmi? U Zulxumorni ham, uning farzandini ham sevib qolganini va ularga oila bo‘lishni istashini aytadi.
Shunda Murodning otasi yillar davomida yashirilgan haqiqatni eslatadi. Murodning onasi ham bir vaqtlar farzandi bilan yolg‘iz qolgan ayol bo‘lgan. Murodning otasi esa uni bolasi bilan birga qabul qilgan, Murodni o‘z farzandidek katta qilgan edi.
Bu haqiqat onaning qalbini o‘zgartiradi. U o‘z boshidan o‘tgan taqdirni unutib, Zulxumorga nisbatan adolatsizlik qilganini anglaydi.
Film Murod va Zulxumorning baxtli oilasi bilan yakunlanadi. Ularning yonida Zulxumorning o‘g‘li ham quvonch bilan o‘tiradi. Bola Murod va Zulxumorga asal tutadi, uchovlon birgalikda kulishadi.
Asarning asosiy g‘oyasi: chin muhabbat insonning o‘tmishiga yoki uning farzandli ekaniga qarab tanlamaydi. Haqiqiy sevgi insonni boricha qabul qilish, uning farzandiga ham mehr bera olish va birgalikda yangi oila qurish jasoratidir.
Muhammadali Aliyev, Madina Adilova, Iymona Abdullayeva, Mukarrama Bekmurodova, Alisher Otaboyev, Jahongir Qo‘chqorov








































































































































































































































