
Otabek bir tumanga qimorbozlarni fosh qilish uchun oddiy bir yigit sifatida boradi. U yerda qimorbozlarning ichiga kirib olish uchun o‘zini qamoqdan chiqqan bezori qilib tanitadi. Sekin-asta qimor o‘ynashni o‘rganadi. Bir safar yutadi, bir safar yutqazadi.
Bir kuni Chandiq laqabli qimorboz bilan o‘ynab, uning qizini yutib oladi. Otabek u qizga to‘y qilib uylanishini aytadi va Zarinaga uylanadi. Zarina juda ham chiroyli va yosh qiz bo‘ladi.
To‘ydan keyingi birinchi kuni Otabek Zarinaning yoniga kirib, unga tegmasligini, lekin bu haqda hech kimga aytmasligini, ishlarini hal qilib olganidan so‘ng Zarina xohlagan joyiga ketishi mumkinligini aytadi. Zarina bundan hayratga tushadi va Otabekning uyida yashab yuradi.
Bu orada Otabekning samimiyligi, uning ko‘zlaridagi mehr Zarinani o‘ziga jalb qiladi. Otabek Chandiq Zarinaning o‘gay otasi ekanligini bilib, Zarinaga nisbatan fikri o‘zgaradi.
Shu tariqa kunlar o‘tadi. Bir kuni Otabek katta o‘yin bo‘lishi sababli Zarinaga uylariga borib, ikki-uch kun turib turishi kerakligini, ishi hal bo‘lgandan keyin uni o‘zi olib ketishini aytadi.
Ikki-uch kundan keyin o‘sha o‘yinga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bostirib kirgani, otishma bo‘lgani va Chandiq o‘q yeb vafot etgani ma’lum bo‘ladi. Otabekdan esa hech qanday xabar kelmaydi.
Zarina juda ham iztirobda qoladi. Bu orada u o‘qishga kiradi va hayotini boshqatdan boshlashga qaror qiladi. Sovchilar keladi, lekin u turmushga chiqmaydi.
Oradan olti oy o‘tgach, Otabek kasalxonada o‘ziga keladi. U ham otishmada o‘q yeb, olti oy behush yotgan bo‘ladi. Onasi Otabekka endi uylanishi kerakligini aytganida, u Zarina haqida gapirib beradi.
Onasi Zarinanikiga sovchilikka boradi. Zarinaning onasi esa qizi turmushga chiqib, beva qolganini aytadi. Otabekning onasi bundan jahli chiqib, ortiga qaytadi. Otabek esa onasiga asl vaziyatni tushuntirib beradi.
Ular yana sovchilikka borishadi. Bu safar Zarina o‘zining o‘rniga dugonasini uchrashuvga chiqaradi. Otabek Zarinani tanigani uchun buni darrov sezadi.
Oxiri Otabek Zarinaning yoniga o‘zi boradi. Zarina uni ko‘rib, ko‘zlariga ishonmaydi. Otabek undan nega sovchilarni qaytarganini so‘raganida, Zarina uni kutganini aytadi.
Shunda Otabek aslida qimorboz emasligini, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi ekanini va qimorbozlarni qo‘lga olish uchun shu ishlarni qilganini Zarinaga aytib beradi.
Shu tariqa ular barcha tushunmovchiliklarni ortda qoldirib, hayotlarini birgalikda boshidan boshlashadi.
Shohnur Saydaxmadov, Gulruxsor Tohirjonova, Abror Saynazarov, Gulasal Rahmonova, Bilol Qayumov, Shahzoda Turg‘unova, Mashxura Xolmedova, Dildora Muhammedova, Mahmud Choriyev, Abror Kabulov, Imom Miryusupov, Abror Xidoyatov.








































































































































































































































