
Voqea epilogdan boshlanadi. Shifoxonaning jonlantirish bo‘limida shifokorlar Umidning yuragini bosib, defibrillyatsiya qilishadi. Ammo Umid o‘ziga kelmay yotaveradi. Fonda uning xayolidagi gaplar eshitiladi: "Hamma narsaga erishdim, lekin o‘zimni asray olmadim." Uning joni uziladimi yoki tirik qoladimi — hozircha noma’lumligicha qoladi. Oxirgi epizodlarda bu voqeaga yana qaytiladi va barchasi to‘liq ko‘rsatiladi. Shifokorlar kislorod berib, shoshilinch ravishda jonlantirish ishlarini davom ettirishadi.
Umid bosiq va tarbiyali inson. U hech qachon jahli chiqmaydigan, sabrli odam. Ammo ayoli va qizlari undan imkoniyatidan ortiq narsalarni talab qilishadi. Oilada uni hech kim tushunmaydi. Umid shifokor bo‘lib ishlaydi. Bundan tashqari, tunlari uxlamay kompyuterda qo‘shimcha daromad topish maqsadida boshqalarning kitoblarini tahrir qiladi. Uxlab qolmaslik uchun uyquni qochiradigan dorilar ichadi va chekishga odatlanadi. Ozgina uxlagach, ertasi kuni yana ishiga boradi.
Ayoli boylardek yashashni va orzu-havas qilishni bas qilmaydi. Qizlari ham undan doimo ko‘proq pul so‘rashadi. Ayoli qo‘shnilardan kam bo‘lmaslik uchun kreditga eriga mashina oldiradi. Umid pul topish uchun shunchalik ko‘p mehnat qiladiki, sog‘lig‘i haqida umuman o‘ylamay qo‘yadi. Yuragi ba’zida tez urishini, qo‘llari qaltirashini sezsa ham, davolanishni ortga suraveradi. Topgan puli esa baribir yetmaydi.
Nihoyat davolanishga qaror qilganida, ukasi undan qarz so‘raydi. Umid esa unga yo‘q deya olmaydi. Oqibatda tunlari muntazam uxlamagani va o‘z sog‘lig‘iga beparvo bo‘lgani sababli yuragida taxikardiya xuruji yuz beradi. Voqea epilogda ko‘rsatilgan jonlantirish bo‘limiga ulanadi va Umid shifokorlarning barcha urinishlariga qaramay vafot etadi.
Ushbu voqea bugungi kundagi ko‘plab insonlar hayotini majoziy ma’noda yorqin aks ettiradi. Orzu-havas va pul topish ilinjida sog‘liqni unutish qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini intrigaga boy va kuchli emotsiyalar orqali ochib beradi.
Tolib Mominov, Faridxon Yo'ldoshev, Ziyoda Ro'ziqulova, Nurjaxon Xaydarova, Shagzod Boymurodov, Nurjon Berdiyev, Alimardon Ziyoviddinov, Shoxruz Ismailov, O'tkir Mengliyev, Shavkat Xubbiyev, Kamoliddin Qosimov, Baxtiyor Komilov








































































































































































































































