
“Qafasdagi qush” ssenariysida globallashuv davrida ham o‘z erkiga ega bo‘lmagan ayolning achchiq taqdiri yoritiladi.Voqealar qishloq va shahar muhitida kechadi. Bosh qahramon Nasima Tolibning rafiqasi bo‘lsa-da, erkin gapirish va o‘z fikrini bayon etish huquqidan mahrum ayol sifatida tasvirlanadi.Voqealar Tolibning uyidan boshlanadi. Tolibning yangi hamkori va do‘sti Sanjar uning uyiga tashrif buyuradi. Nasimaning g‘amgin chehrasi Sanjarning e’tiborini tortadi. Nasima boylik ichida yashasa-da, erkinlikdan mahrum hayot kechiradi va butun umri davomida erkka intilib yashaydi.U o‘n yoshli qizi Madinaning ham taqdiri o‘zinikidek bo‘lishidan qo‘rqib, uydan qochishni rejalashtiradi. Tolibning hamkorlari bilan uchrashuvga ketganidan foydalanib, Nasima qizi Madina bilan uydan qochadi. Ammo Tolibning ishchilari ularni izlab topib, yana uyga olib keladi.Tolib Nasimani jazolaydi, Madinani esa ammasining uyiga yuboradi. Qiynoqlar ichida qolgan Nasima eridan uzr so‘raydi va yalinib, qizini ko‘rishga ruxsat berishini iltimos qiladi. Tolib uni kechiradi va Madinani uyga qaytarib olib keladi.Biroq Nasimaning erkinlik haqidagi orzusi hamon uning qalbiga tinchlik bermaydi. U yana qochishga qaror qiladi va bu safar ham Madina bilan birga uydan qochadi. Ular Tolibning ishchilari qo‘liga tushish arafasida turganida, Sanjar yordamga keladi va ona-bolani qishloqqa olib ketadi.Voqealar yakunida ma’lum bo‘ladiki, Tolibning hamkori sifatida tanishtirilgan Sanjar aslida ichki ishlar organlari xodimi ekan. Tolib noqonuniy savdo ishlari tufayli huquqni muhofaza qiluvchi organlarning diqqat markazida bo‘ladi. Sanjar uning ishonchini qozonib, ichkariga kirgach, Tolibning jinoiy faoliyati bilan bir qatorda Nasimaning erksiz hayotiga ham guvoh bo‘ladi. Shundan so‘ng ish yanada jiddiy tus oladi va Sanjar Tolibning jinoyatlarini fosh etishda faol ishtirok etadi.Film so‘ngida Tolib va Nasima ajrashadi. Tolib qamoq jazosiga hukm qilinadi. Sanjar esa Nasimaga o‘z oilasini baxtsiz hodisa tufayli erta yo‘qotganini aytib, unga turmush qurishni taklif etadi. Nasima bu taklifni qabul qiladi.
Film baxtli yakun bilan tugaydi.
Jaxongir Teshaboyev, Kumush Zokirova, Kamila Alimova, Jumagul O'sarova, Javoxir Kalandarov, Begzod Ismoilov, Shoxruz Ismailov, Asadbek Abdujabborov.


































































































































