
Leyla va Samir ahd-u paymon qilgan sevishganlar. Ular bir-birlarini har kuni ko‘rishmasa, tura olishmaydi. Shunday uchrashuv kunlaridan birida katta yo‘ldan sevgilisi tomon oshiqib kelayotgan Samirni mashina urib yuboradi.
Bir necha soniya ichida ularning taqdiri keskin o‘zgaradi.
Ilk epizod tomoshabinni ushlab qolishi uchun avariya sahnasidan boshlanadi.
Flashback: Samir do‘stiga Leylani qanchalik qattiq sevishini aytib, u bilan to‘y qilish istagini bildiradi. Do‘sti mug‘ombirroq. U Leylaning suratiga boshqacha nigoh bilan tikiladi.
Xuddi shu payt Leylaga qo‘ng‘iroq qilayotgan Samirning raqamiga Leylaning otasining ko‘zi tushadi. Qiz shoshib qoladi, nima deyishini bilmaydi. Leyla onasidan erta ayrilgani uchun otasining erka qizi bo‘lib ulg‘aygan. Ota qiziga Samir bilan uchrashmoqchi ekanini aytadi.
Flashback tugaydi. Voqealar yana kasalxonaga qaytadi. Xonaga sukunat cho‘kkan. Shifokor Leylaga yuzlanib, jiddiy ohangda gapiradi:
— Oldindan hech narsa deya olmayman. Umurtqadagi asab to‘qimalari qattiq shikastlangan. Bemor, balki, bir umr yura olmay qolishi mumkin.
Leyla uzun koridorda bir o‘zi qoladi. U qaror qilishi kerak...
Samirga bo‘lgan kuchli muhabbati oldida bu sinov Leyla uchun yengib o‘tilishi kerak bo‘lgan to‘siq edi. U otasi bilan gaplashadi va Samirga turmushga chiqishini aytadi.
Ularning to‘yi noodatiy tarzda shahar markazida bo‘lib o‘tadi. Ular fastfud yeyishadi, shahar aylanishadi. Yonlarida Leylaning dugonasi va Samirning bir do‘sti bo‘ladi.
To‘ydan keyin esa haqiqiy qiyinchiliklar boshlanadi.
Orada sof muhabbat aks etgan klip kadrlari namoyish etiladi. Leyla bir o‘zi ishlaydi va Samirga g‘amxo‘rlik qiladi. Oyoqlarini yuvadi, ovqatlantiradi. Bu hayot ikkala qahramon uchun ham oson kechmayotgani ko‘rsatiladi.
Bu orada Samirning do‘sti Leylaga ko‘z tika boshlaydi. U Leylaga Samirni tashlab, o‘zi bilan munosabat qurishni taklif qiladi.
Samirda ichki portlash yuz beradi. U o‘zini Leylaga munosib emas deb hisoblab, Leylaga uni tashlab ketishi kerakligini aytadi va janjal ko‘taradi.
Shu payt bir ahvolda eshikdan chiqmoqchi bo‘lgan Leyla otasiga duch keladi.
Ota va qiz o‘rtasida samimiy suhbat bo‘lib o‘tadi. Ota qiziga muhabbat va oila qanchalik muqaddas ekanini, o‘z vaqtida uning onasini saqlab qolish uchun qanchalik kurashganini aytib beradi.
Leyla ko‘zlarida yosh bilan uyga qaytib kiradi. Shu payt u kutilmagan manzaraga duch keladi — Samir oyoqqa turgan edi...
Nozim To‘laxo‘jayev, Muhammadali Aliyev, Madina Odilova, Elbek Zaripov, Faridxon Yuldoshev, Shahzod Boymurodov, Shahzod Ergashev, Dilshod Bo‘tayev, Madina Tojiboyeva, Farangiz Ahmedova, Dildora Avazova, Feruza Boboyeva.








































































































































































































































