
Film oilaviy to‘siqlar, jamiyatdagi ayollarning o‘rni, muhabbat va xiyonat orasida o‘z baxti hamda bilimi uchun kurashgan irodali qiz — Saidaning hayot yo‘li haqida hikoya qiladi.
Saida — kitobga, o‘qishga va jurnalist bo‘lishga ishtiyoqi baland qishloq qizi. Biroq uning orzulari o‘gay onasi Sharofatning qarshiligiga duch keladi. Sharofat qiz bolaning burchi faqat oila va uy ishlari, deb hisoblaydi. Oilaviy kelishmovchiliklarga qaramay, Saida o‘z maqsadidan chekinmaydi va oliygohga o‘qishga kiradi.
Universitetda o‘qish davomida unga yuqori kurs talabasi Farrux ko‘ngil qo‘yadi va turmush qurishni taklif qiladi. Ammo Saidaning xonadoshi va soxta dugonasi Ruxsora hasad tufayli ularning orasiga suqiladi. U Farruxga soxta xat va yolg‘on xabar yetkazib, ularni ajratib yuboradi hamda Farruxni o‘ziga uylanishga majbur qiladi.
Otasining to‘satdan vafot etishi Saidani og‘ir ruhiy ahvolga soladi. Shunday og‘ir damlarda uning yonida sodiq va kamtar sinfdoshi Yusuf paydo bo‘ladi. Yusuf Saidaga doimo mehr-muhabbat ko‘rsatib, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Vaqt o‘tib, Saida Yusufning samimiy tuyg‘ularini anglab yetadi va u bilan oila quradi.
Muvaffaqiyatli olim va professor bo‘lib yetishgan Saida homiladorlik paytida Ruxsoraning navbatdagi shumligiga duch keladi. Ruxsora unga o‘tmishdagi barcha firibgarliklarini, Farrux bilan munosabatlarini qanday buzganini alam bilan aytib, uni xonaga qulflab ketadi. Saida shifoxonaga yetkazilib, o‘g‘lini eson-omon dunyoga keltiradi.
Film finalida Ruxsora fojiali tarzda yo‘l-transport hodisasida halok bo‘ladi. Qabristonda Farrux Saidadan kechirim so‘rab, hammasini boshidan boshlashni taklif qiladi. Lekin Saida o‘tmishni ortda qoldirganini va uning haqiqiy baxti — sodiq turmush o‘rtog‘i Yusuf hamda oilasi yonida ekanini ta’kidlaydi.
Sara Mansurova, Shahzod Hojzoda, Shahrizoda Dehqonova, Bobur Qodirov, Ortiq Nuriddinov, Ziyoda Roziqulova, Robiya Atabayeva, Dilnoza Azizova, Laylo Najmullayeva, Manzuraxon Hamidova, Nigora Tashniyazova.








































































































































































































































