
Voqealar sirli qotillik bilan boshlanadi. Baxtiyor ismli ota qizining yutug‘i munosabati bilan ovqatlanish uchun restoranga boradi. Baxtiyor restoranda tomog‘iga narsa tiqilib qolgan bolaga yordam beradi. O‘sha yerda hammani tekshirib chiqishayotganini ko‘rgan Baxtiyor restoran ish boshqaruvchisidan nima bo‘layotganini so‘raydi. Undan “Chayon” laqabli qotilni izlashayotganini eshitgach, qizini sezdirmay o‘zi jo‘natib yuboradi va yashirin eshik orqali qochib ketadi.
Tergovchilar restoran ish boshqaruvchisini o‘ldirilgan holda topishadi va kuzatuv kameralari orqali qotil Baxtiyor ekanligini aniqlashadi. Uning oilasi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Aziza bilan telefon orqali bog‘lanishadi. Avvaliga Aziza ularga ishonmaydi, chunki o‘sha paytda Baxtiyor va qizi uyda edi.
Baxtiyor telefonini tashlab, vannaxonaga kirganida IIB xodimlari Azizaga vaziyatni tushuntirib, tezda uydan chiqib ketishini, u yer uning uchun xavfli ekanini aytishadi. Aziza erining telefonini tekshirib, vaziyatni tushunib yetgach, qizi Kamolani aldab qo‘shninikiga chiqarib yuboradi.
U erining telefonida kimnidir kuzatib turganini ko‘radi va so‘nggi soniyalarda Baxtiyorning telefonini o‘zi bilan olib ketish uchun uyga kiradi. Ammo shu payt Baxtiyor chiqib qolib, undan nega o‘zini boshqacha tutayotganini so‘raydi. Aziza qo‘rquvdan qaltirab, vaziyatni yashirishga urinadi. Ammo gaplari ishonchsiz chiqqach va Baxtiyor qistagach, hamma narsani aytib beradi.
Shunda Baxtiyor unga o‘tgan hayoti haqida gapirib, yoshligidagi ruhiy jarohatlarini birma-bir aytib beradi. U nima sababdan bunday qotilliklarni sodir etayotganini o‘zi ham anglay olmasligini, faqat qotillikdan so‘ng yengillik his qilishini tan oladi. So‘ng xotinini tashlab, o‘zi qochib ketadi.
Ichki ishlar organlari xodimlari kelib, uyda Azizani yolg‘iz topishadi. Uning yordamida Baxtiyor kuzatib yurgan joyni aniqlab, uni o‘sha yerda qo‘lga olishadi.
Serial tergovchining ichki monologi bilan yakunlanadi. Serialning asosiy g‘oyasi — hayotda hech bir qilmish javobsiz qolmasligi va har bir jinoyatning jazosi borligini ko‘rsatish. Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining jamiyatdagi o‘rni hamda Baxtiyorning qizi obrazi orqali yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilayotgan imkoniyat va islohotlar yoritiladi.
Umid Boboxo‘jayev, Farangiz Yormatova, Ahror Alijonov, Ziyoda Ro‘ziqulova, Uchqun Tillayev, Shaxzod Hojizoda, Akrom Inog‘omov, Mansur Egamberdiyev, Zulfiya Mirqoshibova, Imronbek Shuhratov, Bahrom Jalilov, Abdulaziz Jalilov, Abror Qobulov, Nuriddin Mo‘minov.








































































































































































































































