
Voqea ikki o‘g‘ilning janjallashishidan boshlanadi. Ota vafot etgan, ammo o‘g‘illarning hech biri marhumni o‘z uyidan chiqarishni istamaydi.
Kichik o‘g‘il akasiga: “Men domda turaman, otamni uyimdan chiqarish noqulay. Siz har holda dang‘illama hovlida turasiz-ku, aka”, deydi. Akasi esa: “Otamning menga umuman foydasi tegmagan. Dom ham senga qoldi. Men o‘z kuchim bilan uchastka olganman, hamma narsaga o‘z mehnatim tufayli erishdim”, deya javob beradi.
Keyin ularning xotinlari ham bu janjalga aralashib, yoqa bo‘g‘ishadi. Katta ovsin qaynisiga piching qilsa, kichigi ovsiniga gap qaytaradi.
Shu orada marhumning qizi kelib: “Otam rahmatlini mening uyimdan chiqaramiz. Otamning jasadini men olib ketaman”, deydi. Kuyov ham buni ma’qullaydi. Chunki kuyov yetimlikda ulg‘aygan. U aka-ukalarga: “Sizlar ota qadrini bilarmidingiz? Essiz sizlarga ota...” deydi.
Er-xotin otani o‘z uylariga olib ketishadi. Kuyov o‘g‘ildek bo‘lib qaynotasini xaroba hovlisidan chiqaradi va barcha qarzlarini ham o‘g‘illik burchidek o‘z zimmasiga olib, to‘lab beradi. O‘g‘illar esa go‘yo kar-soqovdek jim turishadi.
Oradan ko‘p o‘tmay, katta akaning ishlari orqaga keta boshlaydi. Avvaliga mashinasini sotadi. Keyin katta hovlisini sotib, kichikroq ikki xonali dom olishga majbur bo‘ladi. Biznesi kasodga uchrab, ichkilikka berilib ketadi.
Kichik o‘g‘il esa oilasi bilan dam olish uchun toqqa ketayotganida avtohalokatga uchrab, nogiron bo‘lib qoladi. Xotini “Nogiron bilan yashamayman”, deb qizini olib ketadi.
Akalarining baxtsiz va ayanchli taqdiridan kuyungan singil ularning holidan xabar olib turadi. Ikkalasiga ham yordam berishga harakat qiladi.
Kuyovning esa ishlari yurishib, katta martabalarga erishadi. Xaroba hovli vaqt o‘tishi bilan hashamatli hovliga aylanadi.
Vaqti-soati kelib, kuyov ham olamdan o‘tish arafasida qoladi. Shunda uning ikki o‘g‘li otasini talashadi. Katta o‘g‘il: “Otam mening uyimdan chiqadi”, desa, kichigi: “Yo‘q, otam menikidan chiqadi”, deya tortishadi.
Chunki ota-ona farzandlariga juda chiroyli tarbiya bergan edi.
Tesha Mo'minov, Shavkat Komilov, Zilola Po'latova, Ziyoda Nurmurodova, Bekzod Shaymatov, Farhod Muxtorov, Dilafruz Mameshova, Jabbor Toshev, Iqbol Oshiqov, Oygul Abdurahmonova, Shavkat Xubbimov, Zahro Mamataliyeva, Marjona Sayfiddinova, Aziz Anvarov








































































































































































































































