
Voqea bir-birini chin dildan sevgan yigit va qizning sevgisiga yetisha olmasligi asosiga quriladi. Ular bir-birini qattiq sevadi, ammo oilalar o‘rtasidagi ijtimoiy tafovut — boy va kambag‘al oila o‘rtasidagi qarama-qarshilik ularning sevgisiga to‘sqinlik qiladi. Voqea romantik va ta’sirli epizodlar, g‘amgin dialoglarga boy.
Birinchi epizod ta’sirli, romantik epilogdan boshlanadi. Avvaliga yigitning yuzi ko‘rsatilmaydi, uning kimligi tomoshabinga sir bo‘lib qolishi kerak. Ko‘l yoki suv bo‘yida uzoqlarga qarab turgan yigitning ortida sochlari yoyilgan qiz qo‘llarini qovushtirib, jim turadi. Qiz va yigitning holati turli rakurslardan olinadi, lekin ikkisining ham yuzi aniq ko‘rsatilmaydi.
Qiz yig‘lab: “Ketishimga indamay yo‘l qo‘yasanmi? Hech narsa demaysanmi? Nahotki so‘nggi marta yuzimga qaramasang?” — deydi. Yigit ortiga qayrilmay, alamdan qo‘llarini musht qilib: “Seni unutaman, hammasini unutaman. Sening baxtli bo‘lishingni istayman”, — deydi. Qiz: “O‘zing-chi, baxtli bo‘lasanmi?” — deb so‘raydi. Yigit sukutdan so‘ng: “Sen baxtli bo‘lsang, men ham baxtli bo‘laman”, — deydi. Qiz yig‘lab, ortiga qayriladi va yugurib ketadi. Yigit esa jim qoladi. Epizod so‘ngida yigit ortiga o‘giriladi va ularning kimligi ochiladi.
Titr: “Bir oy avval”
Tohir va Sevara maktab davridan beri bir-birini sevadi. Ular institutda ham birga o‘qiydi va hozir oxirgi kursda. Tohirning ota-onasi oddiy insonlar, Sevara esa boy oilaning qizi. Tohirning otasi Sevaraning otasi Kozimning haydovchisi bo‘lib ishlaydi. Ular bir mahallada yashashadi.
Sevaraning ota-onasi tashqaridan yaxshi insonlardek ko‘rinsa-da, aslida kiborli va kambag‘al oila bilan quda bo‘lishni xayoliga ham keltirmaydigan odamlar. Tohirning onasi doimo o‘g‘liga Sevarani unutishini, ular baribir qizini bermasligini aytadi. Tohir esa bu gaplarni hazil bilan yengib o‘tishga urinadi. Ammo o‘zi ham Kozimning oldiga borib, Sevarani sevishini va unga uylanmoqchi ekanini aytishga qiynaladi.
Sevaraning onasi qizining Tohir bilan munosabatini sezib qoladi va uni qattiq koyiydi. “Biz kimmiz-u, ular kim? Dadangning qulog‘iga yetsa, anavi haydovchi otasi bilan qo‘shib shahardan chiqarib yuboradi”, — deya qiziga bosim o‘tkazadi. Sevara hamma narsani pul bilan o‘lchaydigan ota-onasidan qattiq ranjiydi.
Tohirni xolasining qizi Hilola ham sevadi. Ammo Tohir Hilolani faqat qarindoshi sifatida ko‘radi. Voqealar davomida Hilolaning ham his-tuyg‘ulari ochib boriladi, biroq u Tohirga sevgisini ayta olmaydi.
Kozim esa ishxonasida ishlaydigan boy oilaning o‘g‘li Davronni qizi uchun munosib kuyov deb biladi. Davronni kuyov qilsa, ishlari yanada rivojlanishini o‘ylaydi. Shu maqsadda qizini ataylab ishxonaga chaqirib, Davron bilan tanishtiradi. Ammo Davron ham, Sevara ham bir-biriga hurmatdan ortiq munosabat bildirmaydi.
Tohir ota-onasiga Sevaraga uylanish niyatini aytadi. Otasi buning imkonsizligini, ular baribir qizini bermasligini tushuntiradi. Ammo Tohir fikridan qaytmaydi va Kozim bilan o‘zi gaplashishga qaror qiladi.
Bu paytda Kozim va uning xotini qizining taqdirini hal qilib bo‘lgan edi. Kozim Davronning otasi bilan quda bo‘lishga kelishganini aytadi. Buni eshitgan Sevara vahimaga tushib, hammasini Tohirga aytadi.
Tohir uzoq o‘ylagach, Kozimning ishxonasiga borib, Sevarani sevishini ochiq aytadi. Kozim esa uni mensimay, ustidan kuladi va jahli chiqib, Davron bilan Tohirning ijtimoiy mavqeyini solishtiradi. Shundan so‘ng Tohir va Sevaraning birga bo‘lishiga deyarli hech qanday imkon qolmaydi.
Kozim nikohni tezlashtirishga qaror qiladi. Voqealar keskin konflikt va intrigalarga boy tarzda rivojlanadi. Kozim kutilganidek Tohirning otasini ishdan bo‘shatadi. Natijada Tohirning oilasi moddiy jihatdan qiynalib qoladi.
Voqea so‘ngida Tohir Sevarani yo‘qotganini va unga erisha olmasligini tan oladi. Shu tariqa voqealar film boshidagi epilog sahnasiga ulanadi. Tohir va Sevara suv bo‘yida so‘nggi bor uchrashib, ta’sirli tarzda xayrlashadi.
Tomoshabinga voqea shu yerda yakunlangandek tuyuladi. Ammo so‘nggi daqiqalarda hammasi o‘zgarib ketadi. Davronning ham sevgan insoni borligi ma’lum bo‘ladi. U Sevarani sevmay turib, otasining shaxsiy manfaatlari uchun unga uylana olmasligini tan oladi va nikohni bekor qiladi.
Bu paytda Sevara Tohirdan ayrilganiga chiday olmay, joniga qasd qilishga urinadi. Kozim qizini zo‘rg‘a asrab qoladi. Tohirning ota-onasi Sevarani yoshligidan o‘z qizlaridek yaxshi ko‘rganlari uchun, Kozim ularni mensimaganiga qaramay, shifoxonaga Sevaradan xabar olish uchun kelishadi.
Kozim qilgan xatolarini anglab yetadi. Qizining xonasiga kirib, yig‘lab: “Tohir bilan yo‘lingni boshqa to‘smayman, qizim. Meni kechir”, — deydi.
Film so‘ngida Sevara va Tohir yana o‘zlari doimo uchrashadigan suv bo‘yida ko‘rishishadi. Bu safar ular ayriliq uchun emas, birga bo‘lish uchun uchrashgan edi. Shu tariqa voqea yaxshilik bilan yakunlanadi.
Shohnur Saydahmadov, Dilmurod Uzoqov, Shohida Usmonova, Shahzoda Ergashxo‘jayeva, Nozanin G‘afforova, G‘ayrat Husainov, Muharram Abduhalilova, O‘tkir Mengliyev, Faridxon Yo‘ldoshev, Diyora Olimova, Shafoat Nabiyeva.








































































































































































































































