
O‘zbekistonda o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘sini oshirish maqsadida ularning mehnat sharoitlari, moddiy ta’minoti va malaka oshirish imkoniyatlari yaxshilanmoqda. O‘qituvchilarning oylik maoshlari oshirilib, xalqaro tajriba almashinuvi hamda malaka oshirish dasturlari keng yo‘lga qo‘yilmoqda. Eng faol pedagoglar davlat mukofotlari va rag‘batlantiruvchi stipendiyalar bilan taqdirlanmoqda. Bu chora-tadbirlar ta’lim sifati va kasbiy motivatsiyani kuchaytirishga xizmat qiladi.
Lola — mehnatsevar, bilimli va fidoyi o‘qituvchi. U maktabda o‘quvchilariga ilhom beradi, biroq uning hayoti oson emas. Oyligi kam bo‘lgani sababli u ham maktabda, ham oilada kamsitiladi. Qaynonasi va eri unga nisbatan haqoratli va adolatsiz munosabatda bo‘lishadi. Ularning nazarida o‘qituvchilik daromadli kasb emas.
Maktabda ham Lola o‘quvchilardan biri tomonidan kamsitiladi. Bir kuni jahl ustida o‘quvchiga tarsaki tushiradi. O‘quvchi bu haqda ota-onasiga shikoyat qiladi. Ular maktab rahbariyatiga borib, Lolani ishdan bo‘shatishni talab qilishadi. Natijada Lola ishidan ayriladi.
Ishsiz qolgan Lola erining savdo-sotiq ishlariga qo‘shilishga majbur bo‘ladi. Ammo bu ish unga yoqmaydi. Savdo bilan shug‘ullansa-da, u doimo dars berishni, o‘qituvchilik kasbiga qaytishni orzu qiladi. Savdo tajribasi yetarli bo‘lmagani sababli erining ishiga zarar yetkazib qo‘yadi. Bundan eri qattiq jahli chiqadi.
Kunlarning birida tushkun kayfiyatda yurgan Lola eski tanishi va ustozini uchratadi. Ustozining ko‘magi bilan Lola maktabga yana ishga qabul qilinadi.
Maktabga qaytgach, Lola o‘z kasbiga yanada katta mehr va mas’uliyat bilan yondashadi. O‘qituvchilarning oylik maoshi oshadi, mehnati qadrlana boshlaydi. Lola nafaqat o‘quvchilariga bilim beradi, balki ularning hayotida ham ijobiy o‘zgarishlar yaratadi.
U bir paytlar tarsaki tushirgan o‘quvchisini fan olimpiadasiga puxta tayyorlaydi va o‘quvchi g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Shundan so‘ng uning ota-onasi Loladan uzr so‘rab, uning mehnati va ustozlik mahoratini tan olishadi.
Natijada Lola nafaqat o‘z ishiga va obro‘siga qaytadi, balki maktabdagi hamkasblari, o‘quvchilari va oilasi orasida ham munosib hurmat qozonadi. U kasbiy orzusiga erishib, hayotidagi qiyinchiliklarni yengadi va atrofidagilar uchun ilhom manbaiga aylanadi.
Feruza Jumaniyazova, Baxrom Inaganov, Farida Umarova, Odilxon Muhammadxonov, Leyla Farruhova, Dilnoza Isakova, Jasur Nazarov, Dildora Umarova, Ziyoda Normurodova.








































































































































































































































