
Gunohkorlar
Bir vaqtning o‘zida besh nafar odamga qora konvertda xat keladi. Xatda faqat manzil, sana va vaqt yozilgan bo‘ladi. Avvaliga ular xatga e’tibor berishmaydi. Ammo qayerga qarashmasin, ko‘zlariga o‘sha xat tashlanaveradi va ichlarida qandaydir qo‘rquv hissi paydo bo‘ladi. Oxir-oqibat, barchasi xatda ko‘rsatilgan manzilga belgilangan vaqtda yetib boradi.
Ular bitta xonaga kirishadi va eshik ortidan qulflanadi. Shu payt ovoz yangraydi:
— "Haqiqat xonasiga xush kelibsiz."
Ularga shu yerning o‘zida hayoti davomida qilgan eng katta gunohini tan olishi kerakligi, aks holda xonaga zaharli gaz yuborilishi aytiladi.
Avvaliga ular bunga ishonishmaydi. Ammo vaqt o‘tishi bilan qo‘rquv kuchayadi va birin-ketin gunohlarini tan ola boshlashadi.
Birinchi bo‘lib Shavkat gap boshlaydi. U shifokor. Pul evaziga bir bemorning o‘limiga sababchi bo‘lganini aytadi. Bemorning ham, uning ayolining ham yolvorishlariga qaramay, pulni tanlab, bemorning o‘limiga befarq qarab turganini tan oladi.
Keyin Aziza o‘z hikoyasini boshlaydi. U pul uchun yosh qizlarni aldab, ularni o‘qishga yoki ishga yuborish bahonasida odam savdosiga sotib yuborganini yig‘lab tan oladi. Xonada shivir-shivir boshlanadi.
— Nahotki, vijdoningiz shunga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa?
Ammo vaqt o‘tib borayotganini eslab, yana navbatdagi iqrorni kutishadi.
Dilnozaning hikoyasi esa hammanikidan ham ayanchli bo‘ladi. U o‘z farzandining o‘limiga sababchi bo‘lganini aytadi. Hamma hayratda qoladi.
Eri bilan ajrashgan, farzandini bir o‘zi voyaga yetkazayotgan edi. Onasi ham o‘z tashvishlari bilan ovora bo‘lib, yordam berolmasdi. Bir kuni kursdoshlarining uchrashuviga bormoqchi bo‘ladi. Bolasini onasiga qoldirmoqchi bo‘ladi, ammo onasi vaqtim yo‘q, deb rad etadi. Shunda dugonasining maslahati bilan bolasiga uyqu dorisi berib ketadi. Qaytib kelganida esa dorining me’yordan ortiq ta’siri sabab farzandi vafot etgan bo‘ladi.
Malika esa eriga uning yaqin do‘sti bilan xiyonat qilganini tan oladi. U hashamatli hayot orzusida erining boy do‘sti Kamol bilan uchrashib yurganini aytadi. Hatto undan homilador ham bo‘lgan. Ammo bu xabarni eshitgan Kamol uni tashlab ketadi. Eri esa tug‘ilajak farzandni o‘zidan deb o‘ylab, quvonib yuradi. Xonada yana g‘ala-g‘ovur boshlanadi.
— Shunchalar ham vijdonsiz bo‘lish mumkinmi?
Oxirgi bo‘lib Jasur gapiradi. U tadbirkor. Bir yosh yigitning yagona uyini noqonuniy yo‘llar bilan o‘zlashtirib olganini tan oladi. Oqibatda yigit bor-budidan ayrilganini aytadi.
Nihoyat, barchasi o‘z gunohini tan oladi. Eshik ochiladi va ular xursand holda tashqariga chiqishadi. Hammasi bitta mashinaga o‘tirib, uylariga qaytishga qaror qiladi. Ammo yo‘lda mashinaning tormozi ishlamay qoladi. Avtohalokat yuz beradi va ularning barchasi halok bo‘ladi.
Aziz Qobilov, Go'zal Komilova, Gulnoza Saidova, Otabek Haqberdiyev, Gulnora Jimanazarova, Zubayr Ortiqov, Ilhomjon Ostonov, Sardor Aliyev, Aslbek Orziyev, Seviliya Jumayeva, Jamoliddin Toshpo'latov, Kamron Niyozqulov,Dilnoza Isakova,Sharifa Qayumova


































































































































