
Viloyatdan shaharga qatnab kira qiladigan, qarzga botgan oddiy taksist mahalliy jinoiy guruhning doimiy tazyiqlari ostida yashaydi. Topgan daromadi oilasini zo‘rg‘a boqishga yetar ekan, u har oy ularga 500 AQSh dollari miqdorida "chot" puli ham to‘lashga majbur bo‘ladi. Hududda "Qarg‘a" laqabli shaxs boshchiligidagi jinoiy to‘da hukmronlik qiladi. Kim belgilangan pulni o‘z vaqtida bermasa, ayovsiz kaltaklanadi. Agar kimdir militsiyaga murojaat qilishga urinsa, "oilang bilan birga yo‘q qilamiz", deb tahdid qilinadi. Ular nafaqat taksistlardan, balki endigina biznes boshlagan tadbirkorlar va do‘kondorlardan ham "sizni himoya qilamiz" degan bahona bilan muntazam pul undirib kelishadi. Ba'zilar qo‘rqqanidan pul beradi, boshqalar esa norozilik bildiradi.Navbatdagi safar taksistdan "chot" puli so‘ralganda, u mablag‘i yo‘qligi sababli to‘lay olmasligini aytadi. Bundan g‘azablangan to‘da a'zolari uni shafqatsizlarcha do‘pposlab, ovloq joyga tashlab ketishadi. Taksist kasalxonada ko‘zini ochadi. Shifokorlar uning umurtqa pog‘onasi singanini va bir umrga nogiron bo‘lib qolganini aytishadi. Bu xabarni eshitib, qishloqdan uning ukasi keladi. U sobiq leytenant bo‘lib, tuhmat sababli ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan edi. Akasining ayanchli ahvolini ko‘rgan yigit g‘azabga to‘ladi. U akasidan buni kim qilganini aytishini talab qiladi. Avvaliga qo‘rqqanidan indamagan akasi oxiri bor haqiqatni aytib beradi.Shundan so‘ng yigit akasi uchun qasos olishga qaror qiladi. U jinoiy guruhning izidan tushadi. Uning maqsadi — bu to‘dani butunlay yo‘q qilish va ularning jinoyatlariga barham berish. Yigit jismonan baquvvat va jangovar tayyorgarlikka ega. Bu yo‘lda unga shu hududda faoliyat yuritayotgan JQB xodimi bo‘lgan yaqin do‘sti yordam beradi. Biroq do‘sti avvalo uni qasos yo‘lidan qaytarishga, qonuniy yo‘l bilan ish tutishga urinadi. Ammo voqealar rivoji ularni og‘ir va xavfli sinovlar qarshisida qoldiradi.
Sanjar Nomozov, Otabek Haqberdiyev, Shohida Usmonova, Abror Yuldashev, Parviz Qayumov, Abror Mallaboyev, Xondamir Niyozov, Habibullo Muhammadnazar, Shahzoda Turg'unova, Shaxzod Ergashev, Ilhom Yusupov, Sardor Nurmurodov.


































































































































