
Dala hovlida tongda fojia yuz beradi. Maftuna qonga belangan holda jonsiz yotadi, uning yonida esa hech narsani eslay olmaydigan Akmal uxlab yotgan bo‘ladi. Ularning yashirin munosabati, Akmalning oilali ekani va kechasi sodir bo‘lgan janjallar barchani undan shubhalanishga majbur qiladi.
Voqealar bir kun avval boshlanadi. Akmal do‘stlari Davron va Bobur bilan dam olish uchun Maftuna, Zebo va Gulruhni dala hovliga olib keladi. Eski maktabdoshlar o‘rtasidagi rashk, hasad va yashirin his-tuyg‘ular tez orada ochiq ziddiyatga aylanadi. Bobur bilan bo‘lgan janjal, Davronning rad etilgan muhabbati va Zeboning hasadi vaziyatni yanada keskinlashtiradi.
Qotillikdan so‘ng yigitlar vahimaga tushib, jinoyatni yashirishga urinadilar. Qizlarni dala hovliga qamab, Maftunaning jasadini olib ketib, kimsasiz joyga ko‘mib keladilar.
Hech kim yo‘qligidan foydalangan qizlar derazadan qochib, militsiyaga xabar beradilar. Tergov davomida gumonlar birma-bir barcha ishtirokchilarga tushadi. Haqiqat esa kutilmagan joydan ochiladi. Dala hovlidan topilgan masxaraboz burni Maftunaning o‘tmishidagi sirlarni fosh qiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, Maftunaning sobiq eri Nodir sirkda masxaraboz bo‘lib ishlagan. U Maftunadan ajrashganidan so‘ng alamini ichiga yutib, o‘ch olish uchun qulay fursat kutib yurgan. Nihoyat, Nodir Maftunani o‘ldiradi va qotillikni Akmal sodir etgandek ko‘rsatishga urinadi.
Tergovchi haqiqatni fosh qiladi. Qotil jazoga tortiladi, jinoyatni yashirishga uringanlar esa qonun oldida javob beradilar.
«So‘nggi tabassum» — muhabbat, hasad va o‘ch olish tuyg‘ulari insonni qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatuvchi dramatik triller.
Filmning asosiy xulosasi shuki, har qanday jinoyat baribir fosh bo‘ladi va adolat qaror topadi. Inson o‘z nafsi va his-tuyg‘ularini jilovlay olmasa, nafaqat o‘zini, balki atrofidagilarni ham halokatga yetaklashi mumkin.
Muxlisa Qahramonova, Sevara Umarova, Zahro Mamasoilyeva, Mohichehra Islomova, Faridxon Yo‘ldashev, Javohir Qalandarov, Sardor Normurodov, Otabek Uskanov, Doston Jo‘rayev








































































































































































































































