
Aka-singil Abdurahmon va Omina bolaligidayoq ota-onasidan ayrilib, taqdir zarbasi bilan bir-biridan judo bo‘ladilar: Abdurahmonni amakisi, Ominani esa xolasi farzandlikka oladi. Oradan yigirma yil o‘tib, amakisi bilan xorijga ketgan Abdurahmon vatanga yetuk shifokor sifatida qaytib keladi. Uzoq yillik hijrondan so‘ng aka-singil taqdir taqozosi bilan yana uchrashadilar, ammo bu uchrashuv quvonchli emas — Abdurahmon rahbarlik qilayotgan onkologiya shifoxonasida kechadi. Omina saraton kasalligi bilan kurashayotgan edi va ularning qayta topishuvi og‘riq, pushaymon hamda umid bilan yo‘g‘rilgan sinovlarga to‘la yangi hayot bosqichini boshlab beradi.
Ssenariyning eng katta yutug‘i — uning emotsional ta'sir kuchidadir. Syujet tabiiy va mantiqiy rivojlanib, har bir bosqich — ajralish, musofirlik, qiyinchilik va tasodifiy uchrashuv ichki dramatizmni bosqichma-bosqich oshirib boradi. Qahramonlar obrazi jonli va ishonarli chiqqan. Abdurahmon vijdon va mas'uliyat oldida tanlov qiladigan inson sifatida namoyon bo‘ladi. Omina esa oilasida zo‘ravonlikka uchrasa-da, farzandi uchun yashab kelayotgan sabr-toqat timsoliga aylanadi. Shu jihat asarni oddiy melodramadan ko‘ra chuqurroq psixologik drama darajasiga olib chiqa olgan.
Ssenariyda ijtimoiy mavzular yetakchilik qilgan bo‘lib, oilada ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik tanqid ostiga olingan. Ayol taqdiri, musofirlik va tibbiyot tizimi kabi mavzular bir-biri bilan uzviy bog‘langan.
Ssenariyni dramaturgik tuzilishi, kuchli kulminatsiyasi va ta'sirli g‘oyasi bilan tomoshabinni befarq qoldirmaydigan, ekranlashtirish uchun tayyor material sifatida baholash mumkin. Biroq undagi voqealar rivojidagi ayrim jihatlarga e'tibor qaratish lozim.
9-epizoddagi Abdurahmonning amakisi bilan Xitoyga, undan keyin esa Hindistonga borishi va Abdurahmonning u yerda tahsil olishi haqidagi voqea real hayotdan biroz yiroq taassurot qoldiradi. Mazkur voqelik va lokatsiyalar qayta ko‘rib chiqilib, ishonarliroq shaklda tuzatilishi maqsadga muvofiq.
Ominaning saraton kasalligiga chalinishi hamda Abdurahmonning onkolog sifatida singlisining hayotini saqlab qolish uchun olib borayotgan kurashi asarning dramatik ta'sirini kuchaytiradigan asosiy syujet chizig‘idir. Biroq onkologiya mavzusi o‘ta nozik va katta mas'uliyat talab qiladi. Tashxis qo‘yish jarayoni (biopsiya, gistologiya, MRT/KT tekshiruvlari), kasallik bosqichi (stadiyasi), davolash rejasi (kimyoterapiya, nur terapiyasi yoki jarrohlik amaliyoti) kabi tibbiy jarayonlar haqiqiy va mutaxassisona yoritilishi lozim.
Shuningdek, Abdurahmonning xorijda tajriba orttirgan onkolog sifatida O‘zbekistondagi faoliyati ham ssenariyda yanada chuqurroq ochilishi kerak. U yangi davolash usullarini joriy etayotganmi, davolash metodlari borasida jamoa bilan ixtilofga kirishayotganmi yoki tizimli muammolarga qarshi kurashayotganmi — ana shu jihatlar qahramon obrazini yanada kuchaytiradi.
Ominaga qo‘yilgan tashxis va davolash jarayoni tibbiyot tili hamda professional muhit bilan uyg‘un holda tasvirlansa, asar nafaqat emotsional, balki ishonarli va hayotiy drama sifatida yanada yuksak saviyaga ko‘tariladi.
Yuqoridagi taklif va tavsiyalar asosida ssenariy qayta ishlansa, uni to‘liq metrajli badiiy film sifatida suratga olish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Navroz Jumayev, Mohichehra Islomova, Bahora Arslonova, Muhammadamin Xodjamkulov, Azizbek Qudratillayev,Shukrona Abdumanonova, Bonu Turobova, Rano Nurmatova, Mansur Egamberdiyev, Farangiz Axmedova, Ozoda Dadanova, Yunus Abdullayev


































































































































