
Film bojxona tizimida halol va mas’uliyat bilan xizmat qilayotgan xodimlar faoliyati, ularning kontrabanda va jinoyatchilikka qarshi kurashi haqida hikoya qiladi.
Voqealar bojxona xodimi Boburning navbatdagi tekshiruv vaqtida avtomobildan noqonuniy moddalarni aniqlashi va qochishga uringan haydovchini qo‘lga olishidan boshlanadi. Jinoyatchini quvish vaqtida Boburning hamkasbi Jamshid pichoqlanib jarohatlanadi. Boburning jasorati va xizmatdagi fidoyiligi rahbariyat tomonidan yuqori baholanadi. Biroq Boburning oilaviy hayoti kutilmaganda og‘ir sinovga duch keladi. Onasi shoshilinch operatsiyaga muhtoj bo‘lib qoladi. Aynan shu vaziyatdan foydalanib, Tohir ismli jinoyat guruhining rahbari Boburga noqonuniy taklif bilan chiqadi. U zarur mablag‘ evaziga bojxona orqali giyohvand moddalar olib o‘tishda yordam so‘raydi. Og‘ir tanlov qarshisida qolgan Bobur rozi bo‘lgandek ko‘rinadi. Ammo giyohvand moddalar ortilgan avtomobilning bojxonadan o‘tkazilishi aslida jinoyatchilarni qo‘lga olishga qaratilgan maxsus operatsiyaning bir qismi bo‘ladi. Natijada katta jinoiy guruh qo‘lga olinadi, biroq uning rahbari Tohir qochib ketadi. O‘zining fosh etilganini anglagan Tohir Boburdan qasos olish uchun uning rafiqasi va qizini o‘g‘irlab ketadi. Endi Bobur jinoyatchilarni qo‘lga olish bilan birga, oilasining hayotini saqlab qolish uchun ham kurashadi. Maxsus guruh bilan olib borilgan operatsiya natijasida garovdagilar qutqarilib, Tohir va uning sheriklari qo‘lga olinadi.
Film qonun, kasbiy burch va insoniy mas’uliyat o‘rtasidagi murakkab tanlov hamda jinoyatchilikka qarshi kurash yo‘lidagi fidoyilik haqida hikoya qiladi.
Elbek Zaripov, Mehriddin Rahmatov, Botir Kozimov, Javohir Abdullayev, Sardor Karimov, Nurjahon Xaydarova, Kamila Alimova, Nodira Mahmudova, G’ayrat Xusainov, Raxmatilla Shokirov, Umid Xasanov, Usen Urdaboyev.








































































































































































































































