
Ushbu film tragediya janrida bo‘lib, unda uch yosh yigitning ayanchli taqdiri haqida hikoya qilinadi. Jamshid, Eldor va Jafar sinfdosh do‘stlar. Jamshid aqlli, o‘qimishli yigit. Uning tayinli ish joyi bor. Ja’far va Eldor esa oson pul topishga o‘rgangan, o‘g‘rilikni kasb qilishgan.
Kunlarning birida Jamshid birinchi ustozi Mavludani uchratib qoladi. Qisqa suhbatdan so‘ng Jamshid do‘stlari bilan ustozining uyiga mehmonga borishini aytadi. Mavluda xursand bo‘ladi va ular xayrlashadi.
Jamshid, Jafar va Eldor bilan ustozining uyiga boradi. Mavludaning o‘g‘li chet elda. U yolg‘iz yashardi. Suhbat davomida Mavluda o‘g‘lidan yaxshigina pul kelib turganini aytadi. Eldor va Jafar bu gapni eshitgach, reja tuzisha boshlaydi. Ular o‘z ustozining uyiga o‘g‘rilikka tushishni rejalashtiradi. Bu ishga Jamshidni ham arang ko‘ndirishadi.
Tunda Mavludaning uyiga o‘g‘rilikka tushadilar. Mavluda uyg‘onib ketadi va Jamshidni tanib qoladi. Jamshid qo‘rqib ketib, o‘z ustozini o‘ldirib qo‘yadi.
Shu kundan boshlab Jamshidning hayoti izdan chiqa boshlaydi. Uning ruhiyatida ham buzilishlar boshlanadi. Bundan xavotir olgan ota-ona Jamshidni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib boradi.
Sirni oshkor qilib qo‘yishdan qo‘rqqan Eldor va Jafar Jamshidni o‘ldirishni rejalashtiradi. Ular kasalxonaga borib, uni arqon bilan go‘yoki o‘z joniga qasd qilgandek osib qo‘yishadi. Ammo Jamshid tirik qoladi.
Yakunida u hammasini ochiq-oydin aytadi va baribir hayotdan ko‘z yumadi. Eldor va Jafar qo‘lga olinadi.
Muhammad Ali Aliyev, Otabek Sharipov, Faridxon Yo'ldashev, Masuda Otajonova, Jabbor Toshev, Xalilulloh Maqsadjonov, Farida Umarova, Abdulaziz Jalilov, Madinabonu Nazrullayeva








































































































































































































































