
Inson savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy tarmoq yosh qizlarni chet eldagi yuqori maoshli ishlar bilan aldab, ularni qullikka sotish bilan shug‘ullanadi. Tashkilot rahbari Saodat, uning eng ishonchli odamlari Kamola va Zokir navbatdagi "reys" uchun yana bir necha qizni tayyorlamoqda.
Tezkor-qidiruv xodimi Aziz hamkasbi Dilshod bilan birga ushbu jinoiy guruhni qo‘lga tushirish ustida ish olib boradi. Biroq operatsiya boshlanishidan oldin qizlardan biri — Ra’no qochib ketadi. Uning qochishi jinoyatchilarning rejasini izdan chiqaradi. Kamola Ra’noni tutib, uni o‘ldirishga urinadi. Bu voqeadan keyin jinoiy guruh ichida ham ishonch yo‘qoladi, bir-biridan gumon qilish boshlanadi.
Aziz uchun bu ish shaxsiy hayoti bilan ham to‘qnash keladi. Doimiy xizmat sababli u qizi Charos va oilasiga yetarlicha vaqt ajrata olmaydi. Bir tomonda jinoyatchilarni ushlash mas’uliyati, ikkinchi tomonda esa parchalanib borayotgan oilasi uni og‘ir tanlovlar oldida qoldiradi.
Tergov davomida ichki ishlar xodimlari jinoyatchilarning navbatdagi qurboni bo‘lishi mumkin bo‘lgan Nilufarni maxfiy operatsiyaga jalb qiladi. U o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, jinoiy guruh ichiga kirishga rozi bo‘ladi. Shu orqali Aziz va uning jamoasi odam savdosi tarmog‘ining barcha ishtirokchilarini fosh etish uchun so‘nggi imkoniyatga ega bo‘ladi.
Operatsiya har daqiqada xavfli tus oladi. Xiyonat, shubha, qotillik va aldovlar bir-biriga qorishib ketgan vaziyatda kimning g‘olib chiqishi noma’lum. Har bir xato yana bir begunoh qizning taqdirini hal qilishi mumkin.
«Oxirgi reys» — inson savdosining ayanchli oqibatlari, oila qadri, vijdon va burch o‘rtasidagi kurash haqidagi dramatik triller. Film tomoshabinni so‘nggi daqiqalargacha taranglikda ushlab turadi va inson hayoti hech qanday boylikdan ustun emasligini eslatadi.
Elbek Zaripov, Rashid Xoldorov, Dinara Mamatova, Gulbahor Dadamirzayeva, Dilnoza Parpiyeva, Nodir Halilov, Dilafruz Usmonova, Fotima Oripova, Madina O'tkirova, Durdona Nurakova.


































































































































