
Voqea ikki xil sharoitda yashagan va bir-birining mavjudligidan bexabar egizaklarning hayoti haqida hikoya qiladi. Voqealar biroz kulgili tarzda boshlanib, yakunda dramatik tus oladi.
Egizaklardan biri 20 yil avval shifoxonada boy oilaga sotib yuborilgan. Boy oilada ulg‘aygan Umid o‘qimishli, tarbiyali va ota-onasiga mehribon yigit. Uning singlisi ham bor. Singlisi ota-onasining haqiqiy qizi.
Ikkinchi yo‘nalishda Umidning egizagi Murodning hayoti ko‘rsatiladi. U kambag‘al oilada, kasal onasi va ichkilikka berilgan otasi bilan yashaydi. Murodning xarakteri Umidnikiga mutlaqo teskari. U asabiy, bezori va urishqoq yigit bo‘lib, kambag‘allikdan chiqish uchun turli yomon ishlarga qo‘l urgan. Murod bir nechta sheriklari bilan sudxo‘rlarning qarzlarini undirib berish bilan shug‘ullanadi.
Ammo Murod sevgan qizi Shahlo yonida butunlay boshqa insonga aylanadi — mehribon va bosiq yigitga aylanadi. Bu orqali har bir insonning qalbida yaxshilik borligi, ammo hayotdagi og‘ir sharoit va sinovlar ba’zan insonni qahri qattiq qilib tarbiyalashi majoziy ma’noda ko‘rsatiladi.
Voqealar ketma-ket bir nechta epizod bilan rivojlanadi. Muroddan aziyat chekkan va undan qo‘rqadigan odamlar ko‘chada Umidni ko‘rib, uni Murod deb o‘ylashadi va unga kunlik ulushni bermoqchi bo‘lishadi. Umid esa hayron bo‘lib, pullarni olishdan bosh tortadi. Bunday holatlar bir necha bor takrorlanadi.
Murodning sevgilisi Shahlo ham Umidni qimmatbaho mashinada va yangi kiyimlarda ko‘rib, uni Murod deb o‘ylaydi. Yoniga borib, sevgilisiga qiladigan muomalani qiladi. Umid esa hayron bo‘lib, uni boshqa odam bilan adashtirganini aytib ketadi. Shahlo bundan ranjib, Murod bilan ko‘rishmay qo‘yadi va uning birdaniga bunchalik o‘zgarib qolganini tushunmaydi.
Shu tariqa ikki egizakning bir-biriga o‘xshash qiyofasi turli kulgili va kutilmagan vaziyatlarga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, Murodning ichkilikka berilgan otasi va kasal onasining og‘ir hayoti ham yoritiladi.
Voqealar yakunida Umid hamma o‘ziga o‘xshatayotgan qiyofadoshini topishga qaror qiladi va Murodning uyiga boradi. U yerda o‘zini dunyoga keltirgan haqiqiy onasini ko‘rib, qalbida g‘alati va tushunarsiz tuyg‘uni his qiladi.
Murod uyga qaytganda esa ota-onasining jim o‘tirganini ko‘radi. Ular qarshilaridagi yigit bir paytlar sotib yuborgan farzandlari ekanini anglab bo‘lgan edi. Murod esa o‘ziga ikki tomchi suvdek o‘xshaydigan yigitni ko‘rib, karaxt holatga tushadi.
Oxir-oqibat Umid barcha haqiqatni bilib oladi va kasal onasini davolatadi. Murod dastlab egizagini tan olishni istamasa-da, Umid unga va oilasiga yaxshilik qilishda davom etadi. Onasining sog‘ayishiga Umid sababchi bo‘lganini ko‘rgan Murodning ham egizagiga nisbatan mehri uyg‘onadi.
Shu tariqa yillar davomida bir-biridan bexabar yashagan egizaklar va ularning oilalari birlashib, katta bir oilaga aylanadi.
Sanjar Namozov, Tamara Hazratqulova, Bahodir Mirmaqsudov, Zilola Po‘latova, Shahrizoda Ergashxo‘jayeva, Miravaz Solihov, Bekzod Zokirov, Rohat Sobirova, Ziyod Shukurov.








































































































































































































































