
Restoranda ziyofat bo‘layotgan paytda Kenja ilmiy rahbari Zikrillayev bilan tortishib qoladi. Ustozining yoqlagan doktorlik ishi aslida Kenjaning ilmiy mehnati ekanini aytadi. Ammo Zikrillayev uni o‘qishdan haydash bilan qo‘rqitadi.
O‘qishni tamomlagan Kenja qishloqda keksa otasi Qosim ota bilan yashaydi. Ikki akasi alohida yashasa-da, Kenja onasidan ayrilgach, otasini yolg‘iz qoldirmaydi. Hatto sevgan qizi Mahfuza bilan turmush qurish masalasida ham otasining roziligini birinchi o‘ringa qo‘yadi.
Kenja ishida bilimli, tirishqoq va izlanuvchan xodim sifatida taniladi. U grantlar yutadi, loyihalari e’tirof etiladi, ingliz tilini o‘rganadi. Mahfuza bilan turmush qurgach, yosh kelin ham Qosim otaning ko‘nglini topib, oilaga mehr olib kiradi.
Kenjaning salohiyatini ko‘rgan rahbariyat uni shahardagi boshqarmaga ishga taklif qiladi. Avvaliga otasini tashlab ketishni istamagan Kenja Qosim otaning talabi bilan shaharga ko‘chadi. U yangi ish joyida ham katta muvaffaqiyatlarga erishadi, xorijiy investorlar bilan ishlaydi va o‘z ixtirosini patentlashtiradi.
Ammo uning yutuqlari bo‘lim boshlig‘i Abzal Nurbekovning hasadini uyg‘otadi. Kenja betob otasini parvarishlash uchun qishloqda qolgan paytda Nurbekov unga qarshi fitna uyushtiradi: kompyuteriga nomaqbul materiallar joylashtiradi, telefonini o‘chirtiradi va Jamila ismli xodimani mukofot puli evaziga Kenjaga tuhmat qilishga majbur qiladi. Natijada Kenja ishidan ayriladi.
Shaharga qaytayotgan Kenja tasodifan yonayotgan uy ichida qolib ketgan qizaloqni ko‘rib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib uni qutqaradi. Keyinchalik bu qizaloq aynan Jamilaning farzandi ekanligi ma’lum bo‘ladi. Vijdon azobiga chiday olmagan Jamila rahbariyatga barcha haqiqatni aytib beradi.
Nurbekovning Kenjaga qarshi uyushtirgan fitnasi fosh etiladi. U Kenjaning muvaffaqiyatlariga hasad qilgani va o‘z lavozimidan ayrilishdan qo‘rqqani uchun bunday yo‘l tutganini tan oladi. Nurbekov ishdan bo‘shatiladi, Kenja esa barcha bo‘limlar boshlig‘i etib tayinlanadi.
Film yakunida Kenja bir vaqtlar unga adolatsizlik qilgan, endilikda insult oqibatida gapira olmay qolgan ilmiy rahbari Zikrillayev bilan uchrashadi. Kenja undan yuz o‘girmaydi, aksincha, insoniylik bilan holidan xabar oladi.
Oradan vaqt o‘tib, Kenja o‘z oilasi, otasi va farzandi bilan baxtli hayot kechiradi. Qosim otaning hassasi esa avloddan-avlodga o‘tadigan tarbiya ramziga aylanadi: «Bu hassa meni odam qilgan, seni ham odam qiladi».
Umidjon Sobirov, Sitora Xudoynazarova, Bahodir Nishonov, Bahodir Madrahimov, Saida Sultonova, O‘tkir Mengliyev, Zilola Xaqberdiyeva, Abrorbek Mallabayev, Sitora Xayrullayeva, Masrur Sanayev, Muslim Nuraliyev, Nozigulxon Barziyeva, Jamoliddin Tashpo‘latov, Sardor Nurmurodov, Sofiya Mukhammedova.








































































































































































































































