
Dilnoza va Kamronning nikohidan bir yil o‘tgan. Ular qaynonasi Karomat va qaynotasi Nodirning boy xonadonida baxtli yashashmoqda, ammo farzand ko‘rmayotganlari oilaning ichki xotirjamligini buzib turibdi. Ota-ona nabira kutish ilinjida, Dilnoza va Kamron esa muolajadan muolajaga qatnab, umidni yo‘qotmaslikka harakat qilishadi.
Oila a’zolari o‘rtasidagi xotirjamlik Nodirning singlisi Umida va uning qizi Saidaning mehmonga kelishi bilan buziladi. Umida avvaldan “nasl-nasabi yo‘q” Dilnozani yoqtirmaydi, uning oiladagi mavqeyidan rashk qiladi va tinimsiz fitna quradi. Nodirni keliniga qarshi gij-gijlaydi, hatto folbin orqali Dilnozaning o‘gay singlisi Aziza bilan til biriktirib, oilaga “jodu” yubortiradi. Uning maqsadi — Dilnoza bilan Kamronni ajratish.
Umidaning soxta tuhmatlari tufayli Kamron jahli chiqib, mashina haydab ketayotganida yo‘l-transport hodisasiga uchraydi. U og‘ir bosh miya jarohati bilan komaga tushadi. Umidaning bu voqeaga aloqadorligi hali oshkor bo‘lmagan bir paytda, Nodir sodir bo‘lgan hodisada Dilnozani aybdor deb biladi va uni kasalxonadan haydaydi. Hatto: “Agar o‘g‘limga nimadir bo‘lsa, sendan yaxshilik kutma”, — deb tahdid qiladi.
Dilnoza oilaviy davradan chetlashtirilsa ham, yashirincha Kamronning yonida bo‘lib, unga sadoqat bilan g‘amxo‘rlik qiladi. Karomat esa kelinini qo‘llab-quvvatlaydi va Umidaning fitnalarini asta-sekin fosh eta boshlaydi. Shu orada Dilnozaning o‘gay onasi Barno kasalxonada vafot etadi. U o‘limidan oldin Dilnozadan kechirim so‘raydi.
Kamron komadan uyg‘onadi, ammo shifokorlar uning oyoqlari falaj bo‘lib qolganini aytishadi. Umida bu vaziyatdan foydalanib, qizi Saidani Kamronga turmushga berish rejasini tuzadi. Uning maqsadi Kamronning boyligiga ega chiqish edi. Biroq Saida onasining bu tuban niyatini qo‘llab-quvvatlamaydi. Karomat esa fitnani to‘liq fosh qilib, Umida va Saidani uydan haydaydi.
Nodir ham nihoyat o‘z xatosini anglab, Dilnozadan kechirim so‘raydi va uni kasalxonaga chaqiradi. Dilnoza va Kamron yana birlashishadi.
Mo‘jizaviy tarzda Kamron shifokorlarning bashoratiga qaramay oyoqqa turadi va yana yurishni boshlaydi. Film yakunida esa Dilnoza homilador ekanini bilib, bu xushxabarni oilasiga syurpriz tarzida yetkazish uchun uyga qaytadi.
Shu tariqa hikoya umid, muhabbat va sadoqatning g‘alabasi bilan yakunlanadi.
Javlonbek Jamoliddinov, Nigina G‘ulomova, Davron Karimov, Ziyoda Ro‘ziqulova, Feruza Nazli, Shaxzoda Turg‘unova, Rayxon G‘aniyeva, Zilola Po‘latova, Zumrad Eshonqulova, Ruslan Berdiyev, Jamoliddin Toshpo‘latov.








































































































































































































































