
“Yashirin gunoh” dramasi yangi turmush qurgan Otabek va Iymonaning baxtli kechasi kutilmaganda eshik oldiga tashlab ketilgan chaqaloq sabab tubdan izdan chiqishi haqida hikoya qiladi. Chaqaloq bilan birga qoldirilgan xatda bola Otabekniki ekani aytilgani oila, quda-anda va yaqin do‘stlar o‘rtasida ishonch inqirozi, tuhmat va shubhalarni kuchaytiradi.
DNK tekshiruvlari, yashirin sirlar va soxta dalillar orqali haqiqat ataylab chalkashtiriladi. Oqibatda esa bolaning haqiqiy otasi Otabek emas, balki uning eng yaqin do‘sti Javohir ekani fosh bo‘ladi. Ssenariy insonlar orasidagi ishonch, xiyonat, mas’uliyat va ota-onalik burchi kabi og‘riqli mavzularni keskin dramatik to‘qnashuvlar orqali ochib beradi.
Ssenariyning bosh g‘oyasi — ishonch va mas’uliyat. Muallif “do‘st” niqobi ortidagi xiyonatni ochish orqali insonni sinovga soladigan holatlarda kim haqiqiy inson, kim esa manfaatparast ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bolani tashlab ketish kabi ijtimoiy fojia orqali asarda ota-onalik burchi, ma’naviy javobgarlik va jamiyat oldidagi mas’uliyat muammosi ko‘tariladi.
Asardagi asosiy konflikt — tuhmat va haqiqat o‘rtasidagi ziddiyat. Otabek atrofida paydo bo‘lgan soxta ayblovlar uning shaxsiyatiga, nikohiga va oilaviy munosabatlariga zarba beradi. Ikkinchi darajali, ammo kuchli konflikt esa — do‘stlik va xiyonat to‘qnashuvi. Javohirning qilmishi asarning dramatik cho‘qqisiga aylanib, tomoshabin uchun kutilmagan, ammo mantiqan asoslangan yechimni beradi.
Muhammadali Aliyev, Diyora Mustafoyeva, Masuma Hikmatova, Baxtiyor Musayev, Vazira Yunusova, Miravaz Solihov, Sanjar Namozov, Odina Umaraliyeva, Asal Axralxo‘jayeva.








































































































































































































































